
«Lukoyl» xorijiy aktivlarini Gunvor Group’ga sotmoqda
Rossiyaning yirik neft korporatsiyasi «Lukoyl» xorijiy aktivlarini Shveytsariyada joylashgan Gunvor Group kompaniyasiga sotish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi.

«Lukoyl» o‘zining xalqaro aktivlariga egalik qiluvchi LUKOIL International GmbH kompaniyasini sotish bo‘yicha Gunvor Group kompaniyasidan rasmiy taklif olib, sotish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgan. Bu haqda korporatsiya rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, bitimning asosiy shartlari tomonlar o‘rtasida avvalroq kelishilgan. «Lukoyl» mazkur taklifni qabul qilib, boshqa ehtimoliy xaridorlar bilan muzokaralar olib bormaslik majburiyatini olgan.
Bitimning amalga oshishi bir qator shartlarga bog‘liq bo‘lib, jumladan, Gunvor tomonidan AQSH Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) ruxsatini olish talab etiladi. Shuningdek, boshqa xorijiy yurisdiksiyalarda zarur bo‘lgan litsenziya va ruxsatnomalar ham olinishi lozim bo‘ladi.
«Lukoyl» bayonotida aytilishicha, agar zarur bo‘lsa, tomonlar bitim yakunlangunga qadar xalqaro aktivlar va ularning bank xizmatlarini uzluksiz ta’minlash maqsadida amaldagi OFAC litsenziyalarini uzaytirish bo‘yicha murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
Kompaniya ta’kidlaganidek, LUKOIL International GmbH sotilishi bir qator davlatlar tomonidan «Lukoyl» va uning sho‘ba korxonalariga nisbatan joriy etilgan cheklov choralari bilan bog‘liqdir. Bu qaror kompaniyaning xalqaro faoliyatini sanksiyalar ta’siridan himoya qilish va moliyaviy xavflarni kamaytirish maqsadini ko‘zlaydi.
Gunvor Group 2000 yilda rossiyalik biznesmen Gennadiy Timchenko va shved hamkori Torbern Tornkvist tomonidan tashkil etilgan. Kompaniya hozirda dunyodagi eng yirik energiya treyderlaridan biri hisoblanadi. Timchenko 2014 yilda sanksiyalar tahdidi sabab o‘z ulushining 44 foizini sherigiga sotgan edi.
«Lukoyl»ning asosiy aksiyadori Vagit Alekperov bo‘lib, uning boyligi Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 28,7 milliard dollarga teng. U 2022 yilda Britaniya sanksiyalaridan so‘ng kompaniya prezidenti lavozimini tark etgan.
O‘zbekistonda ham «Lukoyl» yirik investorlardan biri sanaladi. Kompaniyaning mamlakatdagi investitsiyalari 10 milliard dollardan oshgan. «O‘zbekneftgaz» raisi Bahodir Sidiqov joriy sanksiyalar qo‘shma loyihalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ammo O‘zbekiston hukumati kompaniya aktivlarini sotib olish masalasi hozircha kun tartibida yo‘qligi haqida aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va YI joriy etgan cheklovlar ortidan «Lukoil» o‘zining xorijdagi aktivlarini sotish niyatida ekanini rasman e’lon qilgan edi.





