add

Maktablardagi sanitariya va infratuzilma muammolari, sotilgan avtomobillar miqdori va tashlandiq joyni bog‘ga aylantirib baloga qolgan Avanesyan — 10-dekabr dayjesti

Kecha 22:311553 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Maktablardagi sanitariya va infratuzilma muammolari, sotilgan avtomobillar miqdori va tashlandiq joyni bog‘ga aylantirib baloga qolgan Avanesyan — 10-dekabr dayjesti

«Qamchiq» dovoni vaqtincha yopildi: ob-havo sharoitlari og‘ir

10-dekabr kuni soat 02:30 dan boshlab «Qamchiq» dovonida transport vositalarining harakati vaqtinchalik to‘xtatildi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati «ob-havo sharoitining keskin o‘zgarishi, kuchli qor yog‘ishi» va Gidrometeorologiya xizmati markazi ma’lumotiga ko‘ra, «ko‘chki xavfi yuzaga kelganligi»ni inobatga olib, bunday qarorga kelinganini bildirgan. Dovon yo‘li ochilishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

O‘zbekistondagi 95 foiz maktablarda hojatxonalar tashqarida joylashgani ma’lum qilindi

O‘zbekiston maktablarining aksariyatida sanitariya va infratuzilma muammolari saqlanmoqda. Mahalliy seminarda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, maktablardagi sanitariya holati bo‘yicha muammolar bo‘lib, maktablarning 95 foizida hojatxonalar tashqarida joylashgan. Shu jumladan, oqova tizimi bo‘yicha holat ham qoniqarsiz: maktablarning 88 foizi kanalizatsiyaga ega emas.

Shuningdek, mamlakatdagi 48 foiz maktabda doimiy markazlashgan suv ta’minoti yo‘q. 274 ta maktab hali hamon qo‘lbola pechlar bilan isitiladi. Umuman olganda, maktablarning 79 foizi isitish uchun ko‘mirdan foydalanadi.

Infratuzilmaning yana bir sezilarli muammosi — oshxonalar yetishmasligi. Maktablarning 56 foizi o‘z oshxonasiga ega emas. Shu bilan birga, inklyuziv ta’lim imkoniyatlari ham yetarli darajada emas. Maktablarning 44 foizida nogironligi bo‘lganlar uchun zarur infratuzilma — panduslar, mos tushish yo‘laklari va maxsus sanuzellar mavjud emas.

11 oy davomida O‘zbekistonda qancha avtomobil sotilgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida jami 379 158 ta mashina sotilgan.

Davr mobaynida UzAuto Motors bozorning asosiy yetakchisi bo‘lib, 184 891 ta avtomobil sotdi va umumiy bozorning qariyb yarmini egalladi. Shu bilan birga, so‘nggi ikki yilda tez sur’atda o‘sib kelayotgan Khorezm Auto 130 939 ta transport vositasi sotib, bozorda 34,5 foiz ulushga ega bo‘ldi.

ADM Jizzax 40 504 ta avtomobil sotgan bo‘lsa, Xitoy texnologiyasi asosida ishlayotgan BYD Uzbekistan Factory 21 236 ta sotuvga erishdi. Shu bilan birga, Asaka Motors 1 109 ta, SamAuto 400 ta, Alyans Auto esa 79 ta avtomobil sotdi.

Brendlar kesimida Chevrolet mutlaq lider bo‘lib qoldi — 315 830 dona sotuv qayd etildi. Undan so‘ng Kia 22 882 dona, BYD 21 236 dona, Chery 9 888 dona va Haval 7 734 dona ko‘rsatkichga erishdi. Modellar orasida Cobalt (112 530), Damas (97 770) va Tracker (41 159) mamlakatda eng ko‘p xarid qilingan avtomobillar sifatida qayd etildi.

Toshkentda tashlandiq joyda bog‘ barpo etgan fuqaro 82 mln so‘m jarimaga tortildi

Toshkentning Yashnobad tumanidan bo‘lgan fuqaro Arsen Avanesyan ikki yildan ortiq vaqt davomida tashabbus sifatida tashlandiq yer o‘rnida bunyod etgan yashil hudud uchun 82,4 million so‘m jarimaga tortildi. Mazkur hudud temiryo‘l yoqasidagi tashlandiq va qarovsiz bo‘sh yer bo‘lib, u o‘z hisobidan uni tozalash, ko‘kalamzorlashtirish va aholi uchun dam olish maskaniga aylantirishni maqsad qilgan.

U o‘z rejasini 2022 yilda boshlangan. Avanesyanning aytishicha, u minglab daraxt va ko‘chat ekkan, yo‘lkalar qurgan, hordiq chiqarish uchun o‘rindiqlar, yoritish tizimi, videokuzatuv va sug‘orish kommunikatsiyalarini o‘rnatgan. O‘rta hisobda 1500 dan ortiq ko‘chat ekilib, ularning yarmi suv ta’minoti muammolari sabab qurib qolgan. Shu bilan birga, 300 ga yaqin qo‘shni va mahalla aholisi hududni obod qilish ishlarida ixtiyoriy ishtirok etgan. Yillar davomida bu ishlarga umumiy 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ham sarflangan.

Avanesyan ishlarni boshlashdan avval mahalla qo‘mitasi bilan kelishilganini aytadi: «Qo‘shnilar bilan yig‘ilib gaplashdik, ular qo‘llab-quvvatladi. Xokimiyat ham xabardor edi», — deydi u.

Biroq mas’ul idoralar bu faoliyatni yer qonunchiligini buzish deb baholadi. Tekshiruvdan so‘ng tashabbuskorga 82,4 mln so‘m jarima qo‘llandi va hududni «avvalgi holati»ga — ya’ni, bo‘sh va qarovsiz yer ko‘rinishiga qaytarish talab qilindi.

Maktablardagi sanitariya va infratuzilma muammolari, sotilgan avtomobillar miqdori va tashlandiq joyni bog‘ga aylantirib baloga qolgan Avanesyan — 10-dekabr dayjesti

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Teglar

Mavzuga oid