add

Markaziy bank 2026–2028 yillar pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi

24.10.2025 | 12:053962

Markaziy bank boshqaruvi 2025 yil 24 oktyabrdagi yig‘ilishida 2026–2028 yillar uchun pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari konseptual loyihasini ma’qulladi. Hujjat inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirishga qaratilgan choralarni belgilaydi.

Markaziy bank 2026–2028 yillar pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqladi

Markaziy bankning yangi konseptual loyihasi O‘zbekistondagi joriy iqtisodiy vaziyat va o‘rta muddatli istiqboldagi makroiqtisodiy rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda ishlab chiqildi. Hujjat narxlar barqarorligini ta’minlash va pul-kredit siyosatini bosqichma-bosqich takomillashtirishni ko‘zda tutadi.

Markaziy bank 2026 yildan boshlab inflyatsiyani bosqichma-bosqich 5 foizlik «target» darajasiga tushirishni rejalashtirmoqda. Asosiy ssenariyga ko‘ra, 2026 yilda real YAIM o‘sishi 5,5–6,5 foiz, 2027–2028 yillarda esa 6–7 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, tashqi iqtisodiy muhitda noaniqliklar saqlanib qolishi, jahon iqtisodiyoti o‘sish sur’atlari nisbatan past bo‘lishi va oltin narxi yuqori darajada saqlanishi mumkin. Valyuta bozorida esa keskin o‘zgarishlar kutilmayapti.

Ichki sharoitlarda yalpi talabning barqarorlashishi, kreditlash jarayonlarining mo‘’tadillashuvi va fiskal taqchillikning YAIMga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilgan. Investitsiyalar oqimi barqaror bo‘lishi hamda pul o‘tkazmalari o‘sishi o‘z yo‘nalishida davom etishi kutilmoqda.

Markaziy bank prognozlariga ko‘ra, 2026 yil oxirigacha umumiy inflyatsiya 7 foizgacha pasayishi, 2027 yilda esa 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga yetishi mumkin. 2028 yildan boshlab inflyatsiya ana shu darajada barqaror shakllanishi rejalashtirilgan.

Hujjatda shuningdek, pul-kredit siyosatining samaradorligini oshirish bo‘yicha vazifalar ham belgilangan. Ular qatorida — operatsiyalarning ta’sirchanligini kuchaytirish, makroiqtisodiy prognoz tizimini yangilash, yangi modellar joriy etish hamda kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish choralari bor.

Kelgusi yillarda tashqi va ichki shoklar ehtimoli saqlanib qolsa-da, siyosatning asosiy maqsadi inflyatsiyani maqsadli darajada barqaror ushlab turish bo‘lib qoladi.

Teglar

Mavzuga oid