add

Markaziy bank: «Humans» ishi bo‘yicha tekshiruv hujjatlar IIBBga topshirildi

Kecha 11:352 daqiqa

«Humans» ilovasi orqali ruxsatsiz pul yechish holatlari yuzasidan tekshiruv yakunlanib, materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

Markaziy bank: «Humans» ishi bo‘yicha tekshiruv hujjatlar IIBBga topshirildi

2025 yil 9-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Humans» mobil ilovasiga ulangan bank kartalaridan foydalanuvchilar ruxsatisiz pul mablag‘lari yechib olingani haqida xabarlar tarqalgan edi. O‘sha paytda Markaziy bank mazkur hodisa mavjudligini rasman tasdiqlab, tegishli tekshiruv ishlari boshlanganini ma’lum qilgan edi.

7-yanvar kuni Markaziy bank «Humans» MCHJ bilan bog‘liq holat bo‘yicha o‘tkazilgan tekshiruv yakunlangani va yig‘ilgan hujjatlar ichki ishlar idoralariga taqdim etilganini bildirdi. Regulyatorga ko‘ra, tekshiruv doirasida barcha mavjud ma’lumotlar huquqiy baho berish uchun tegishli tartibda topshirilgan.

Ma’lum qilinishicha, «Humans» MCHJga to‘lov xizmatlarini taqdim etgan «Octogram» AJ to‘lov tashkilotida Markaziy bankning farmoyishi asosida maxsus ishchi guruh tuzilgan. Ushbu guruh tomonidan xavfsizlik talablariga rioya etilishi va ehtimoliy zaifliklar aniqlanishi yuzasidan keng qamrovli tekshiruv o‘tkazilgan.

Tekshiruv natijalari bo‘yicha tayyorlangan ma’lumotnoma belgilangan tartibda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga yuborilgan. Hozirda «Humans» kompaniyasi bilan bog‘liq holat mazkur idora tomonidan qonunchilikka muvofiq o‘rganilmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolardan ushbu hodisa bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish so‘ralgan.

Markaziy bank bayonotida ta’kidlanishicha, har bir bank va to‘lov tashkiloti moliyaviy xizmatlardan foydalanuvchilarning huquqlari va mablag‘lari xavfsizligini ta’minlashi shart. Regulyator ushbu talablarga rioya etilishi doimiy nazoratda ekanini bildirgan.

Ma’lumot uchun, ushbu voqealardan so‘ng Markaziy bank o‘z vakolatlari doirasida «Octogram» AJ bilan bog‘lanib, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida P2P amaliyotlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. 9-dekabr holatiga ko‘ra, «Humans» mobil ilovasi orqali «Octogram» AJ tomonidan amalga oshirilgan barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Shuningdek, o‘sha kuni foydalanuvchilarning kartalaridan ularning ruxsatisiz pul yechilgani yuzasidan «Humans» va «Paylov» rasmiy izoh berishgandi. Ularning bayonotlari bir-birini inkor etgan edi.

Teglar

Mavzuga oid