add

Markaziy bank so‘m denominatsiyasi va yangi kupyuralar chiqarishni rejalashtirmayapti

29.01.2026 | 11:112 daqiqa

Regulyator raisi Timur Ishmetovga ko‘ra, avvalo, birlamchi masala hisoblangan inflatsiyani hal qilib olish kerak.

Markaziy bank so‘m denominatsiyasi va yangi kupyuralar chiqarishni rejalashtirmayapti

O‘zbekiston Markaziy banki muomalaga yangi kupyura chiqarishni va so‘m denominatsiyasini rejalashtirmayapti. Bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi.

Regulyator raisiga ko‘ra, yangi kupyuralar chiqarish yoki so‘m denominatsiyasi bo‘yicha hech qanday reja, hatto g‘oya ham yo‘q. Avvalo, birlamchi masala hisoblangan inflatsiyani hal qilib olish kerak.

«Lekin pul muomalasida aholi va biznesni qanday masalalar bezovta qilayotganini so‘rovnomalar asosida o‘rganishni boshladik. Bu shunchaki aholi va biznesda biz bilmagan muammolarni [aniqlashga qaratilgan]. Shundan kelib chiqib, keyinchalik rejalashtirish [ishlarini] boshlash uchun [tahlil qilinadi]», - dedi Ishmetov.

Bozordagi talab tahlili

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘rovnomalarda bank kassalari markazlarining faoliyati baholanadi. Shu bilan birga, tadbirkorlar faoliyatida qaysi nominaldagi kupyura ko‘proq va qaysi biri kamroq foydalanilayotgani aniqlanadi. Chunki bozorda banknota nominallari strukturasiga ta’sir qiluvchi bir qator o‘zgarishlar boshlangan.

Raqamli to‘lovlar ta’siri

«Misol uchun, Toshkentdagi jamoat transportida to‘lovlar naqd pulsiz shaklga o‘tkazildi. Bu pul muomalasiga sezilarli ta’sir qildi. Chunki jamoat transportida naqd pulda to‘lov qilish ma’lum bir banknotaga talabni shakllantiruvchi omillardan edi. Shu bitta o‘zgarish banknotaga bo‘lgan talab strukturasini o‘zgartirishi mumkin. Shundan kelib chiqib, boshqa faktorlar paydo bo‘ldimi yo‘qmi, endi muntazam o‘rganib boramiz. Lekin yuqorida aytganimdek, hozircha hech qanaqa rejalar yo‘q», - dedi Ishmetov.

Teglar

Mavzuga oid