Markaziy Osiyo davlatlari qarzi: qaysi mamlakatda vaziyat murakkabroq?
Qirg‘iziston va Tojikiston ko‘proq davlat qarzlari hamda imtiyozli kreditlarga tayanadi, O‘zbekistonning tashqi majburiyatlari esa hozir deyarli teng ravishda davlat va korporativ sektor o‘rtasida taqsimlangan.
© The Times of Central AsiaMarkaziy Osiyoning eng katta qarzdori har doim ham eng zaif mamlakat degani emas. Mintaqa tashqi qarzining qariyb uchdan ikki qismi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi, biroq bu qarzlarning katta qismi hukumat zimmasida emas, balki korporativ sektor balanslarida jamlangan. Tojikistonning tashqi qarzi esa bundan ancha kam bo‘lsa-da, mamlakat hali ham qarz inqirozi xavfi yuqori bo‘lgan davlatlardan biri hisoblanadi. Bu tafovut Markaziy Osiyodagi qarz tuzilmasidagi farqni yaqqol namoyon etadi.
Qirg‘iziston va Tojikiston ko‘proq davlat qarzlari hamda imtiyozli kreditlarga tayanadi, O‘zbekistonning tashqi majburiyatlari esa hozirda deyarli teng ravishda davlat va korporativ sektor o‘rtasida taqsimlangan.
Milliy idoralar va xalqaro moliyaviy institutlarning ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil boshiga kelib Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi qariyb 275 milliard dollarga yetgan. Turkmaniston ushbu hisob-kitobga kiritilmagan, chunki mamlakat o‘zining tashqi qarzi bo‘yicha mintaqadagi boshqa davlatlar bilan bevosita taqqoslash imkonini beradigan to‘liq va rasmiy statistik ma’lumotlarni e’lon qilmaydi. Bu ko‘rsatkich yagona xalqaro tashkilot tomonidan e’lon qilingan mintaqaviy umumiy statistika emas, balki milliy statistik ma’lumotlar asosida hisoblab chiqilgan taxminiy ko‘rsatkichdir.
Bundan tashqari, mamlakatlar qarz bo‘yicha ma’lumotlarni turli hisobot sanalarida e’lon qiladi hamda turli tasniflash usullaridan foydalanadi. Shu sababli ularni bevosita taqqoslashda ehtiyotkorlik zarur. Umumiy tashqi qarz tarkibiga norezidentlar oldidagi hukumatlar, markaziy banklar, tijorat banklari, xususiy kompaniyalar hamda ayrim mamlakatlarda xorijiy korporatsiyalarning mahalliy sho‘ba korxonalarining barcha majburiyatlari kiradi.
Davlat tashqi qarzi esa torroq tushuncha bo‘lib, davlat tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatiladigan yoki davlat kafolati bilan ta’minlangan majburiyatlarni o‘z ichiga oladi. Xitoy, ayniqsa, Qirg‘iziston va Tojikiston uchun muhim ikki tomonlama kreditor bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, mintaqadagi infratuzilma va davlat sektori loyihalarini moliyalashtirishning katta qismi ko‘p tomonlama moliyaviy institutlar tomonidan ta’minlanadi.
Qirg‘iziston: qarz ortib bormoqda, biroq kreditorlar bazasi yanada kengaygan
Qirg‘izistonning davlat qarzi infratuzilmaga yo‘naltirilayotgan xarajatlar va ichki qarz olish hajmining ortishi bilan birga oshib bormoqda. Shu bilan birga, mamlakatning kreditorlar bazasi yanada diversifikatsiyalashgan. Endi qarzlarning nisbatan kichikroq qismi bitta ikki tomonlama kreditorga to‘g‘ri keladi, aksincha, ko‘p tomonlama moliyalashtirish hamda ichki qimmatli qog‘ozlar bozori tobora muhimroq o‘rin egallamoqda.
Qirg‘iziston Moliya vazirligining davlat qarzi bo‘yicha ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 31-may holatiga mamlakatning umumiy davlat qarzi qariyb 8,94 milliard dollarni tashkil etgan. Shundan taxminan 6,1 milliard dollari tashqi qarz hissasiga to‘g‘ri keladi. Qarz masalasi prezident Sadir Japarovning kengroq iqtisodiy siyosati va rivojlanish konsepsiyasining muhim qismiga ham aylangan. 2025-yil 8-oktabr kuni «Kabar» milliy axborot agentligiga bergan intervyusida Japarov hukumati qarz olishni davom ettirayotganini tasdiqladi. Biroq u yangi kreditlar davlat budjetiga qo‘shimcha yuk bo‘ladigan yo‘nalishlarga emas, balki o‘zini o‘zi moliyaviy jihatdan qoplay oladigan va olingan mablag‘larni qaytarishi kutilayotgan tijorat loyihalariga yo‘naltirilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, u Qirg‘iziston eski qarzlarini 2035-yilgacha to‘liq qaytarishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) 2026-yilgi IV-modda bo‘yicha maslahatlashuv (Article IV Consultation) yakunlariga ko‘ra, Qirg‘iziston ketma-ket to‘rtinchi yil ham yuqori iqtisodiy o‘sishni qayd etganini bildirdi. Jamg‘arma bunday vaziyat hukumatga fiskal zaxiralarni mustahkamlash va tarkibiy islohotlarni jadallashtirish uchun qulay imkoniyat yaratishini ta’kidladi. Shu bilan birga, XVJ iqtisodiy istiqbollar hali ham jiddiy salbiy xatarlar ta’sirida qolayotganidan ogohlantirdi.
Qozog‘iston: tashqi qarz katta, ammo xatarlar boshqacha
Qozog‘iston Markaziy Osiyodagi tashqi qarzning eng katta ulushiga ega. Biroq, umumiy tashqi qarz ko‘rsatkichi mamlakatning haqiqiy qarz xatarlarini to‘liq aks ettirmasligi mumkin. Mintaqadagi ayrim qo‘shni davlatlardan farqli o‘laroq, Qozog‘istonning tashqi majburiyatlarining asosiy qismi hukumat qarzlari emas, balki korporativ sektor va kompaniyalararo qarzlardan iborat. Qozog‘iston Milliy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatiga mamlakatning yalpi tashqi qarzi 182,8 milliard dollarni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich yilning birinchi choragi davomida 900 million dollarga oshgan.
Milliy bank tashqi qarzni Qozog‘iston rezidentlarining norezidentlar oldidagi barcha to‘lanmagan majburiyatlari sifatida ta’riflaydi. Bunga hukumat, Markaziy bank, tijorat banklari, xususiy kompaniyalar hamda xorijiy bosh kompaniyalar bilan Qozog‘istonda faoliyat yuritayotgan ularning sho‘ba korxonalari o‘rtasidagi kompaniyalararo qarzlar kiradi. Mazkur majburiyatlarning salmoqli qismi neft-gaz va tog‘-kon sanoatiga yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq. Bu sohalarda faoliyat yuritayotgan transmilliy kompaniyalar Qozog‘istondagi loyihalarini ko‘pincha bosh kompaniyalardan olingan kreditlar hisobidan moliyalashtiradi. Xalqaro statistik standartlarga muvofiq, bunday majburiyatlar tashqi qarz sifatida qayd etiladi. Biroq ular odatda davlat budjeti hisobidan emas, balki kompaniyalarning o‘z daromadlari evaziga xizmat ko‘rsatiladi.
Davlat zimmasidagi haqiqiy qarz yukini aniqroq aks ettirish maqsadida Qozog‘iston Milliy banki kengaytirilgan ta’rif asosida davlat sektorining tashqi qarzi bo‘yicha alohida ko‘rsatkichni ham e’lon qiladi. Unga umumdavlat boshqaruvi organlari, Milliy bank, davlat nazoratidagi moliyaviy va nomoliyaviy korxonalar hamda hukumat kafolati ostidagi tashqi majburiyatlar kiritiladi.
Shu bois Qozog‘istonning umumiy tashqi qarzi bo‘yicha asosiy ko‘rsatkich hukumatning bevosita qarz yukini ma’lum darajada yuqori ko‘rsatadi. Chunki tashqi majburiyatlarning katta qismi davlat emas, balki korporativ sektor balanslarida jamlangan. Bunday qarz tuzilmasi o‘ziga xos xatarlarni yuzaga keltiradi. Xomashyo narxlarining pasayishi, xalqaro moliyalashtirish sharoitlarining murakkablashuvi yoki xorijiy kapitalga kirish imkoniyatlarining qisqarishi yirik kompaniyalarning qarzlarini qayta moliyalashtirish qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa investitsiyalar, eksport hajmi va mamlakat moliyaviy barqarorligi uchun oqibatlarga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
O‘zbekiston: korporativ qarz olish tashqi qarz o‘sishining asosiy omiliga aylanmoqda
O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish va infratuzilmaga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar natijasida xorijiy moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotgani sababli Markaziy Osiyodagi ikkinchi eng yirik tashqi qarz oluvchiga aylandi. O‘zbekiston Markaziy banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragi yakuniga kelib mamlakatning umumiy tashqi qarzi 82,2 milliard dollarga yetgan. Shundan davlat tashqi qarzi 40,5 milliard dollarni, korporativ tashqi qarz esa 41,7 milliard dollarni tashkil etgan. Mazkur ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning moliyalashtirish modelida bosqichma-bosqich o‘zgarishlar yuz berayotganini ko‘rsatadi.
Hukumat infratuzilma va ijtimoiy rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro mablag‘larni jalb etishda davom etayotgan bo‘lsa, banklar, davlat ishtirokidagi korxonalar hamda xususiy kompaniyalar o‘z faoliyatini kengaytirishni moliyalashtirish maqsadida qarz olishda tobora katta ulushni egallamoqda. Korporativ qarz ulushining ortishi davlat uchun bevosita moliyaviy majburiyat degani emas. Biroq davlat nazoratidagi korxonalar va banklarning qarz olishi, agar ular hukumat yordamisiz o‘z majburiyatlarini bajara olmasa, davlat zimmasida qo‘shimcha shartli moliyaviy xatarlarni yuzaga keltirishi mumkin.
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) 2026-yilgi IV-modda bo‘yicha maslahatlashuv (Article IV Consultation) yakunlarida O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror o‘sishda davom etayotganini qayd etdi. Jamg‘arma mamlakatning tashqi qarz inqirozi xavfini past darajada baholadi, shu bilan birga davlat ishtirokidagi korxonalar, davlat-xususiy sheriklik loyihalari hamda boshqa shartli moliyaviy majburiyatlar ustidan nazoratni kuchaytirishni tavsiya qildi.
Tojikiston: qarz kamroq, ammo xatar yuqoriroq
Tojikiston Markaziy Osiyoda tashqi qarzi eng kam davlatlardan biri hisoblanadi. Biroq eksport bazasining cheklangani va xususiy kapitalga kirish imkoniyatlarining torligi mamlakatni qarzni qaytarish bosimiga nisbatan yanada zaifroq qiladi. Jahon bankining International Debt Statistics (Xalqaro qarz statistikasi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil yakuniga kelib Tojikistonning umumiy tashqi qarzi taxminan 4,1 milliard dollarni tashkil etgan. Bu hozircha xalqaro miqyosda taqqoslash mumkin bo‘lgan eng so‘nggi ko‘rsatkich hisoblanadi. Tojikiston tashqi moliyalashtirishining asosiy qismi rasmiy kreditorlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatdagi davlat investitsiyalarining katta qismi ko‘p tomonlama moliyaviy institutlar tomonidan moliyalashtiriladi. Xitoyni ham o‘z ichiga olgan ikki tomonlama kreditorlar esa yirik infratuzilma loyihalarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) o‘zining so‘nggi Debt Sustainability Analysis (Qarz barqarorligi tahlili) xulosasida Tojikistonning davlat qarzi barqarorligicha qolayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, jamg‘arma mamlakatning tashqi qarz inqirozi xavfi yuqori bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Baholash natijalariga ko‘ra, 2025–2027-yillar oralig‘ida hukumat hamda hukumat kafolati ostidagi tashqi qarzlarni qaytarish xarajatlari eksportdan tushadigan daromadlarning haddan tashqari katta qismini egallashi kutilmoqda.
Qarz hajmidan ko‘ra uning sifati muhimroq
Markaziy Osiyodagi qarz tuzilmasidagi tafovut umumiy qarz ko‘rsatkichlari har doim ham vaziyatni to‘liq aks ettirmasligini ko‘rsatadi. Qozog‘iston tashqi qarzining asosiy qismi korporativ sektorga to‘g‘ri keladi. Qirg‘iziston va Tojikiston esa hanuz ko‘proq davlat qarzlari hamda imtiyozli moliyalashtirishga tayanmoqda. O‘zbekiston esa bu ikki model o‘rtasida joylashgan. Kelgusida qarz barqarorligi qarzning umumiy hajmidan ko‘ra, ushbu iqtisodiyotlar tashqi qarzlarni o‘z vaqtida qaytarish uchun yetarli miqdorda xorijiy valuta tushumlarini shakllantira olishiga ko‘proq bog‘liq bo‘ladi.
Tashqi majburiyatlarning aksariyati xorijiy valutada rasmiylashtirilgani sababli, asosiy masala qarzni kim olayotgani, u qanday shartlarda jalb etilgani hamda ushbu mablag‘lar qarzga xizmat ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan eksport daromadlarini ta’minlaydigan investitsiyalarga yo‘naltirilayotgan-yo‘naltirilmayotganidadir.





