Logo

«Onix» va YPX mototsikllari to‘qnashishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi

Bugun 09:571 daqiqa

Toshkentda xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimlari ishtirokida mudhish yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Hodisa oqibatida YPX xodimlaridan biri halok bo‘lgani, yana bir necha kishi shifoxonaga yotqizilgani ma’lum qilindi.

«Onix» va YPX mototsikllari to‘qnashishi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi © Videodan kadr

16-iyul kuni soat 18:30 larda Toshkent shahrining Do‘rmon yo‘li va G‘azalkent ko‘chalari kesishmasida uchta xizmat mototsikli hamda bir nechta yengil avtomobil ishtirokida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Tarmoqlarda tarqalgan videolarda hodisa sodir bo‘lishidan oldin chorrahada avtomobillar va piyodalar harakati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tartibga solinganini ko‘rish mumkin. Qora rangli furgon hamda yana bir avtomobil yuqori tezlikda chorrahadan o‘tib ketgach, yo‘l harakat uchun ochilgan. Svetoforning yashil chirog‘i yoqilgach, yengil avtomobillar harakatlanishni boshlagan.

Shu payt chorrahaga chiqqan «Onix» rusumli avtomobilga katta tezlikda harakatlanayotgan ikki patrullik mototsikli, ularning ortidan esa yana bir mototsikl kelib urilgan. Kuchli zarba oqibatida yengil avtomobilda yong‘in kelib chiqqan va u qarama-qarshi yo‘nalishdagi boshqa avtomobillar bilan ham to‘qnashgan.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida patrullik mototsiklini boshqarib kelgan YPX xodimlaridan biri voqea joyida halok bo‘lgan. Shuningdek, tan jarohati olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani bildirildi. Biroq jabrlanganlarning aniq soni hozircha ochiqlanmagan.

«Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur YTH kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani to‘g‘risida noto‘g‘ri talqin kuzatilmoqda. Tarmoq vakillarida asoslantirilmagan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz.», — deyiladi YHXX bayonotida.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov oldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid