XVJ Qozog‘istonni YIM o‘sishi bo‘yicha kuchli davlatlar qatoriga kiritdi
Jahon iqtisodiy kutilmalarining yomonlashishiga qaramay, Xalqaro valuta jamg‘armasi Qozog‘iston bo‘yicha prognozini saqlab qoldi va uning kelajagini aksariyat yirik iqtisodiyotlarga qaraganda ancha yuqori deb baholadi.

Iyul oyida Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) jahon iqtisodiyoti rivojlanishi bo‘yicha prognozlarini qayta ko‘rib chiqdi. Yangilangan baholashga ko‘ra, 2026-yilda jahonning real yalpi ichki mahsuloti 3 foizga, 2027 -yilda esa 3,4 foizga o‘sadi.
Aprel oyidagi prognoz bilan solishtirganda, kutilmalar yomonlashgan. Buning asosiy sabablari sifatida Yaqin Sharqdagi mojaroning oqibatlari ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, ekspertlar fikricha, salbiy ta’sirning bir qismi sun’iy intellekt rivojlanishi va texnologik taraqqiyotning tezlashishi hisobiga qoplanadi.
Qozog‘iston
Jahon iqtisodiyotidagi umumiy sekinlashuv fonida Qozog‘iston yuqori o‘sish sur’atlarini saqlab qolmoqda. XVJ prognoziga ko‘ra, 2026-yilda mamlakatning real yalpi ichki mahsuloti 4,6 foizga, 2027-yilda esa 4,4 foizga oshadi.
Jamg‘arma sharhida keltirilgan mamlakatlar orasida kelgusi yilda yuqoriroq iqtisodiy o‘sish faqat Hindiston (6,4 foiz), Indoneziya (5 foiz) va Malayziyada (4,7 foiz) kutilmoqda. Qozog‘iston prognozlari Misr va Xitoy ko‘rsatkichlariga yaqin. Shu bilan birga, 2027-yil uchun Qozog‘iston iqtisodiyoti bo‘yicha prognoz Xitoy iqtisodiyotidan yuqoriroq.
Yirik davlatlar bo‘yicha XVJ baholari qanday?
Ko‘plab boshqa yirik davlatlarda XVJ baholari ancha past. Jumladan, AQSH iqtisodiyoti o‘sishi 2,3 foiz, Braziliyada 2,4 foiz, Turkiyada 2,9 foiz, Polshada 3,4 foiz, Meksikada 1,2 foiz, Saudiya Arabistonida 1,7 foiz, Rossiyada esa 1,1 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Rivojlangan davlatlar orasida eng yuqori o‘sish Janubiy Koreyada — 2,6 foiz etib prognoz qilingan. Ispaniyada iqtisodiyot 2,1 foiz, Avstraliyada 1,9 foiz, Kanadada 1,1 foiz, Buyuk Britaniyada 1 foiz, Germaniyada 0,7 foiz, Fransiya va Yaponiyada 0,6 foizdan, Italiyada esa atigi 0,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Umuman olganda, XVJ 2026-yilda rivojlangan iqtisodiyotlar atigi 1,7 foizga, Yevropa mamlakatlari esa 0,9 foizga o‘sishini prognoz qilmoqda. Rivojlanayotgan bozorlar va rivojlanayotgan iqtisodiyotlar uchun o‘rtacha o‘sish 3,8 foiz, Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlari uchun 5 foiz, Lotin Amerikasi va Karib havzasi mamlakatlari uchun 2,4 foiz, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlari uchun 4,3 foiz bo‘lishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo hududi uchun prognoz atigi 0,7 foizni tashkil etadi. Bunga davom etayotgan geosiyosiy beqarorlik sabab bo‘lmoqda.
Iyul oyidagi qayta ko‘rib chiqish ko‘plab mamlakatlar uchun salbiy bo‘ldi
Xalqaro valuta jamg‘armasi yevro hududi davlatlari, Germaniya, Fransiya, Yaponiya, Kanada, Turkiya, Meksika, Saudiya Arabistoni va boshqa ayrim iqtisodiyotlar bo‘yicha prognozlarni pasaytirdi. Shu bilan birga, Qozog‘iston bo‘yicha prognoz aprel oyidagi baholash bilan solishtirganda o‘zgarmadi. Bu global noaniqlik sharoitida mamlakat iqtisodiyotining barqarorligi va o‘sish imkoniyatlari yuqori baholanayotganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonning amaldagi (de-fakto) valuta kursi rejimini «crawl-like» (sudraluvchi) toifasidan «floating» (suzib yuruvchi) toifasiga qayta tasnifladi. Tashkilot O‘zbekiston iqtisodiyotining hozirgi holatini ijobiy baholab, barqaror iqtisodiy o‘sish, inflatsiyaning pasayishi, budjet va tashqi iqtisodiy ko‘rsatkichlarning yaxshilangani hamda xalqaro zaxiralarning yuqori darajada saqlanib qolayotganini qayd etdi.





