Logo

Tramp nishonga olgan «Pikaks» tog‘i: Eronning sirli yadroviy obyekti haqida nimalar ma’lum?

Bugun 20:403 daqiqa

AQSH prezidenti Donald Tramp Tehron janubida joylashgan «Pikaks» tog‘ini yo‘q qilish bilan tahdid qilmoqda.

Tramp nishonga olgan «Pikaks» tog‘i: Eronning sirli yadroviy obyekti haqida nimalar ma’lum?

Vashington va Tehron o‘rtasidagi ziddiyat misli ko‘rilmagan hamda oldindan aytib bo‘lmaydigan bosqichga chiqqan bir paytda, Donald Tramp Eronning «Pikaks tog‘i» nomi bilan mashhur yadroviy obyektiga zarba berib, uni yo‘q qilishini ma’lum qildi.

Trampning bu tahdidi OAV tomonidan Islom Respublikasining eng mustahkam inshootlaridan biri sifatida baholanayotgan mazkur yadroviy kompleks atrofida qator savollarni yuzaga keltirdi.

Xo‘sh, bu obyektni boshqalaridan ajratib turadigan jihatlar nima va u nega asosiy nishonga aylandi? Uning ortida qanday sir yashiringan?

«Al Jazeera» nashrining yozishicha, Tehron janubida joylashgan «Pikaks» tog‘i chuqur yer ostiga o‘rnatilgan ikkita tunnel kompleksidan iborat o‘ta mustahkam inshootdir. Aynan shu jihat uni butunlay yo‘q qilishni qiyinlashtiradi.

AQSH razvedkasi hisobotlariga ko‘ra, mazkur baza bunkerlarni vayron qiluvchi kuchli bombalardan himoyalanish maqsadida tog‘ bag‘rida, yuzlab metr qalinlikdagi qattiq granit qoyalar ostida bunyod etilgan.

AQSHning «Al-Monitor» nashriga ko‘ra, razvedka idoralari Tehron o‘z yadro dasturi uchun «strategik qalqon» vazifasini o‘taydigan, uranni boyituvchi yashirin inshoot qurishga urinayotganidan gumon qilmoqda.

Biroq Tehron 2020 yilda qurilish ishlari boshlanganidan buyon ushbu inshoot faqatgina zamonaviy sentrifugalarni yig‘ish va ishlab chiqarish uchun mo‘ljallanganini ta’kidlab kelmoqda.

«Biz "Pikaks" tog‘ini yo‘q qilamiz. Eronliklarga yetkazib qo‘ying, tayyor turishsin», — dedi Donald Tramp «The Hugh Hewitt Show» dasturiga bergan intervyusida.

«Biz "Pikaks" tog‘ini diqqat bilan kuzatib boryapmiz. U yerda hech qanday harakat sezilmayapti. Yadroviy masalada ularning ishlari unchalik yurishmayapti. Bu haqda har safar eshitganimizda, biz ularni portlatamiz. Shu sababli ular bu haqda gapirishni yoqtirmaydi. Ammo, katta ehtimol bilan, tez orada "Pikaks"ga zarba beramiz», — deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

AQSHning Eronga hujumlari

Harbiy keskinlashuv va o‘zaro tahdidlar fonida Tehron mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarda AQSHni aybladi. Islom inqilobi muhofizlari korpusi esa o‘z hujumlari orqali Vashington global neft ta’minotini xavf ostiga qo‘yayotganini ta’kidlab, buni keskin qoraladi.

1

AQSH hujumlari qanday talafotlar keltirdi?

Tomonlarning ma’lum qilishicha, uchinchi bor amalga oshirilgan bombardimonlarning asosiy nishoni Eronning harbiy obyektlari bo‘lgan. Eron ommaviy axborot vositalari esa mamlakat janubidagi bir qator hududlarda portlashlar yuz berganini xabar qilmoqda.

Dushanba kuni AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eronga qarshi yangi hujumlar to‘lqini boshlanganini e’lon qildi. Bu Eronning harbiy salohiyatini zaiflashtirishga qaratilgan ketma-ket uchinchi tungi operatsiyadir.

CENTCOM ma’lumotlariga ko‘ra, Eronning qirg‘oq mudofaasi tizimlari, raketa va dron bazalari hamda harbiy-dengiz kuchlari obyektlarini yo‘q qilish maqsadida yuqori aniqlikdagi qurollardan foydalanilgan. Ta’kidlanishicha, besh soat davom etgan zarbalar butun mamlakat bo‘ylab harbiy nishonlarga qaratilgan.

Eron tomoni qanday munosabat bildirdi?

Eron matbuoti mamlakat janubidagi qator hududlarda, jumladan, Kish, Keshm va Abu Muso orollari hamda Bandar-Abbos va Jam shaharlarida portlashlar yuz berganini ma’lum qildi.

Xususan, «Fars» axborot agentligi mahalliy manbalarga tayanib, ushbu hududlarda portlash ovozlari eshitilganini xabar qilgan bo‘lsa, «Mehr» agentligi Keshm va Kish orollaridagi portlashlarga e’tibor qaratdi.

Eronning rasmiy axborot agentligi Bandar-Abbosda uchta, davlat televideniyesi esa Kish orolida ikkita portlash ovozi eshitilganini tasdiqladi. Biroq rasmiylar ehtimoliy qurbonlar yoki vayronagarchiliklar ko‘lami haqida biron-bir batafsil ma’lumot bermagan.

«Mehr» agentligining Xuziston viloyatidagi rasmiy manbalarga tayanib xabar berishicha, janubi-g‘arbiy Omidiya shahridagi hududlarga qilingan hujumlar oqibatida to‘rt kishi jarohat olgan.

Garchi Eron televideniyesi Kish orolida ikkita portlash sodir bo‘lganini xabar qilgan bo‘lsa-da, nishonga olingan hududlar haqida hech qanday tafsilotlarni keltirmadi.

O‘z navbatida, Eronning «Nour News» veb-sayti dushanba tunida Kish oroliga berilgan zarbalardan so‘ng portdagi uchta qayiq yonib ketganini tasdiqladi.

Screenshot_1

Ziddiyat qayoqqa qarab ketmoqda?

AQSH harbiy hujumlarining kuchayib borayotganiga qaramay, Donald Tramp diplomatiya uchun eshiklar hamon ochiq ekanini bildirdi. Dushanba kuni Oq uyning Oval kabinetida jurnalistlarga bergan intervyusida u Vashington yangi zarbalarni davom ettirayotgani va Eron portlariga qamalni qayta joriy qilganiga qaramay, Tehron bilan urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish «shubhasiz, mumkin» ekanini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid