Logo

Nasiya savdo, pensiya islohoti va parkovkalardagi jarima

«Avval iqtisod» ko‘rsatuvining 19-sonida iqtisodchi Otabek Bakirov bilan nasiya savdo bozorini tartibga solish, pensiya tizimidagi kutilgan o‘zgarishlar, bandlik statistikasi, pulli parkovkalar va P2P o‘tkazmalarini nazorat qilish bo‘yicha bahsli tashabbuslar yuzasidan fikr bildirildi.

«Yovvoyi» nasiya bozori tartibga solinadimi?

Prezidentning 15-iyuldagi qarori bilan davlat xizmatlarini takomillashtirish doirasida nasiya savdo va bo‘lib to‘lash xizmatlari reklamalarini tartibga solish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

Bugungi bozorda xaridorlar ko‘pincha mahsulotning naqd narxi, yakuniy to‘lov summasi yoki kreditning haqiqiy qiymati haqida to‘liq ma’lumotga ega emas. Suhbat davomida reklamalar va shartnomalarda qanday ma’lumotlar majburiy ko‘rsatilishi kerakligi, effektiv yillik stavka nega muhim ekani, nasiya oddiy savdo emas, balki moliyaviy xizmat sifatida tartibga solinishi zarurligi hamda yangi qoidalar bozordagi raqobatni qanday o‘zgartirishi mumkinligi tahlil qilindi.

Pensiya tizimi qanday o‘zgarishi mumkin?

Prezidentga taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, pensiya hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish, hisobga olinadigan ish haqining maksimal chegarasini oshirish va jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish rejalashtirilmoqda.

Suhbatda pensiya tizimining bugungi muammolari, davlat zimmasidagi moliyaviy yuk, xususiy va korporativ pensiya tizimlarini rivojlantirish zarurati hamda O‘zbekiston kelajakda pensiya yoshini oshirish masalasiga ham duch kelishi mumkinligi muhokama qilindi.

Bandlik statistikasi nega keskin o‘zgardi?

O‘zini o‘zi band qilganlar soni bo‘yicha e’lon qilingan yangi raqamlar ko‘plab savollarni yuzaga chiqardi.

Bir yil avval rasmiy statistikada 5,5 milliondan ortiq o‘zini o‘zi band qilgan fuqaro qayd etilgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 2,8 million nafar etib e’lon qilindi.

Bu tafovut mehnat bozorida haqiqiy o‘zgarish yuz berganini anglatadimi yoki statistika yuritish usullaridagi farq natijasimi, degan savollar kun tartibiga chiqdi. Mutaxassislar bandlikni baholashda son emas, balki daromad, unumdorlik va iqtisodiyotga qo‘shayotgan hissani ko‘rsatadigan sifat mezonlariga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.

Pulli parkovka va jarimalar: asosiy bahs nimada?

Toshkent shahar hokimligi pulli avtoturargohda to‘lov qilmagan haydovchilar uchun 2 BHM miqdorida jarima joriy etishni taklif qilmoqda.

Biroq jamoatchilikdagi bahs faqat jarimalar bilan cheklanmayapti. Operator tanlovi, shartnoma shaffofligi, tushayotgan mablag‘larning taqsimlanishi va xizmat sifati ham tanqid qilinmoqda.

Suhbatda pulli parkovkalarning asl vazifasi transport oqimini boshqarishmi yoki daromad manbaimi, xizmat sifati ta’minlanmasdan turib jarima joriy etish qanchalik asosli ekani va bu tizim davlat hamda xususiy sektor o‘rtasidagi munosabatlarga qanday ta’sir qilishi tahlil qilindi.

P2P nazorati yana kun tartibida

Soliq qo‘mitasining oy davomida 500 BHMdan oshadigan P2P o‘tkazmalari bo‘yicha banklardan ma’lumot olish taklifi jamoatchilikda keskin bahslarga sabab bo‘ldi.

Markaziy bank esa bunday norma Konstitutsiyaga zid bo‘lishi, fuqarolarning bank tizimiga ishonchini susaytirishi, naqd pul aylanmasi va yashirin iqtisodiyot ulushini oshirishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Bu bahs davlatning soliq nazorati bilan fuqarolarning moliyaviy daxlsizligi o‘rtasidagi muvozanat qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi muhim savolni yana kun tartibiga olib chiqdi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 163

Barchasi

Mavzuga oid