
Mayamidagi milliarderlar endi oddiy insonlar bilan uchrashmaydi
AQSHda ultra boylar uchun butun boshli maxfiy hayot tarzi shakllanmoqda — shaxsiy shef, xos shifoxona, odamlarning ko‘zlaridan pana restoran, hattoki do‘konlar ham.

AQSHda ultra boy kishilar uchun yangi turmush uslubi shakllanmoqda — bu nafaqat shaxsiy samolyot yoki limuzin, balki oddiy odamlar bilan aloqa qilmasdan yashash imkonini beruvchi to‘liq yakkalashtirilgan ekotizimni ham anglatadi.
Wall Street Journal nashrining yozishicha, Mayami bu faoliyat markaziga aylanib ulgurgan. Endi jahonning 0,1 foizli eng boy qatlami o‘z hayotida restoran, mehmonxona va klublardan ham oddiy mijozlarsiz foydalanmoqda. Ular uchun shaxsiy havo yo‘llari, izolyatsiyalangan villalar va hatto boshqalarning ko‘zi tushmaydigan taomlanish zonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Jumladan, Bentley Residences deb nomlangan binoda mashinalar uchun liftlar bor — to‘g‘ridan to‘g‘ri xos avtogarajga olib chiqadi. Oilaviy shifoxonalarni kunlar davomida faqat o‘zlari uchun yopib qo‘yadiganlar ham bor — buning narxi 150 ming dollarga yetadi. Ya’ni, boylar hatto shifokorlar bilan ham bitta guruhda bo‘lishni xohlamaydi.
Ularning ijtimoiy hayoti ham o‘zgacha — Faena Rose kabi maxsus klublar borki, ularga a’zo bo‘lishning o‘zi 15 ming dollar turadi. Bu klublarda operadan tortib, shaxsiy raqqosalargacha, hammasi faqat tanlanganlarga xizmat qiladi.
Ultra boylar endi hatto do‘konlarga bormaydi — modalar uyi mahsulotlari uyiga yuboriladi, shaxsiy tikuvchilar bilan namoyish qilinadi. Bu yangi servis iqtisodiyoti nafaqat shaxsiylikni ta’minlaydi, balki «oddiy hayot» degan tushunchani ham yo‘qqa chiqaradi.





