add

Mediatorlar uchun kasb etikasi qoidalari tasdiqlandi

06.01.2026 | 14:152 daqiqa

Mediatsiya sohasida faoliyat yurituvchi mutaxassislar uchun yagona axloqiy me’yorlar rasman joriy etildi.

Mediatorlar uchun kasb etikasi qoidalari tasdiqlandi

O‘zbekistonda mediatorlarning kasb etikasi qoidalari tasdiqlanib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur hujjat Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil 5-yanvar kuni 3741-raqam bilan ro‘yxatga olingan. Qoidalar mediatsiya institutida kasbiy standartlarni shakllantirish va uning nufuzini oshirishga qaratilgan.

Hujjatga muvofiq, mediatorlar kasb etikasi qoidalariga qat’iy rioya qilishi, o‘z faoliyatini halol va vijdonan amalga oshirishi shart. Shuningdek, ular mediatorlik kasbining sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini saqlashi lozim.

Qoidalarda mediatorlik faoliyatining asosiy prinsiplari ham belgilab berilgan. Ular qatoriga maxfiylik, ixtiyoriylik, mediatsiya taraflarining hamkorligi va teng huquqliligi, shuningdek, mediatorning mustaqilligi va xolisligi kiradi. Mediatorlar ushbu prinsiplar asosida ish olib borishi hamda taraflar uchun adolatli muhit yaratishi shart.

Bundan tashqari, mediatorlar mediatsiya jarayonida ishtirok etuvchi taraflarning teng imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’minlashi lozim. Bu nizoni hal etishda bir tomonga ustunlik berilishining oldini olishga qaratilgan.

Mediatsiya taraflari bilan munosabatlarda ham aniq talablar belgilandi. Jumladan, mediatorlar taraflarga mediatsiyaning maqsadi, ularning huquq va majburiyatlarini tushuntirishi, jarayonni o‘tkazish tartibi haqida to‘liq ma’lumot berishi shart. Shuningdek, o‘z kasbiy malakasi va ish tajribasi to‘g‘risida ishonchli axborot taqdim etishi lozim.

Qoidalarga ko‘ra, mediatorlar taraflarga nisbatan hurmat va xushmuomalalik ko‘rsatishi, ularni nizoni hal qilishning maqbul variantlarini izlashga undashi kerak. Eng muhimi, muzokaralar natijasini muayyan bir taraf foydasiga yo‘naltirib olib borish qat’iyan taqiqlanadi.

Ma’lumot uchun, mediator — bu vositachi, ya’ni ikki tomon o‘rtasida kelishuvga yordam beradigan shaxs. U janjal yoki kelishmovchilik bo‘lgan tomonlarni tinglaydi. Har ikki tomonga ham betaraf bo‘ladi. Muammoni tinch yo‘l bilan hal qilishga yordam beradi. Qonunchilikka ko‘ra, mediatorning faoliyati professional yoki noprofessional asosda amalga oshirilishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid