
Mehmonxona quradiganlar uchun imtiyozli kreditlar beriladi
25.08.2025 | 11:0010532
O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish maqsadida barcha toifadagi tadbirkorlarga mehmonxona qurish uchun kreditlar ajratiladi.

O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish maqsadida tadbirkorlarga mehmonxona qurish uchun uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan V ochiq muloqotida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan PF–138-sonli farmon qabul qilindi. Unga ko‘ra, 2026 yildan Turizmni rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi.
Dasturga muvofiq, tijorat banklari 2026–2028 yillarda barcha toifadagi tadbirkorlarga mehmonxona qurish uchun 7 yil muddatgacha kreditlar ajratadi. Viloyat markazlari, Toshkent va Nukus shaharlari hamda turizmga ixtisoslashgan tumanlarda quriladigan mehmonxonalar uchun kredit miqdori 30 mlrd so‘mgacha, boshqa hududlarda esa 10 mlrd so‘mgacha belgilangan.
Shuningdek, har yili sayyohlar orasida e’tirof qozongan va nufuzli xalqaro platformalarda ijobiy baholangan mehmonxonalarni aniqlash hamda taqdirlash uchun 1 mln AQSH dollariga teng mukofot jamg‘armasi bilan tanlov o‘tkaziladi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yildan davlat ko‘chmas mulkini ijaraga berish muddati ham 3 yildan 5 yilgacha uzaytiriladi. Bu tadbirkorlar uchun turizm infratuzilmasini barqaror rivojlantirishda qo‘shimcha imkoniyat yaratishi kutilmoqda.





