
Migrantlar uchun «Passport-Visa» mobil ilovasi ishga tushadi
Yangi ilova migratsiya xizmatlarini onlayn shaklga o‘tkazib, jarayonlarning tez va shaffof bo‘lishini ta’minlashni ko‘zda tutadi.

O‘zbekistonda migratsiya xizmatlarini raqamlashtirish doirasida yana bir muhim loyiha amalga oshirilmoqda. Prezident qaroriga muvofiq, ichki ishlar organlarining migratsiya va personallashtirish sohasidagi faoliyatini sifat jihatidan yaxshilash maqsadida «Passport-Visa» mobil ilovasi ishlab chiqiladi. Ilovani 2026 yil 1-avgustga qadar tayyorlash vazifasi belgilangan.
Ilova imkoniyatlari
Qarorga binoan, Ichki ishlar vazirligi migratsiya va shaxsni identifikatsiyalash sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda onlayn huquqiy maslahatlar berish imkoniyatini yaratadi. Fuqarolar yangi mobil ilova orqali kam yuklamali migratsiya bo‘linmalari haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi. Ilovaning o‘zi Pasport-viza avtomatlashtirilgan axborot tizimi majmuasining tarkibiy qismiga aylanadi.
Shuningdek, migratsiya xizmatlarini ko‘rsatishda shaxsni masofadan turib aniqlash va uchinchi shaxslar roziligini olish uchun «E-Rozilik» platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu jarayonlar Pasport-viza majmuasining Face ID moduli orqali amalga oshiriladi, bu esa inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qachon ishga tushiriladi?
2026 yil 1-sentabrdan boshlab, fuqarolar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlari va ularning oila a’zolari uchun mamlakatga taklif qilish hujjatlarini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda davlat xizmatlari markazlari orqali rasmiylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar biometrik yo‘l hujjati uchun onlayn murojaat qilishlari mumkin.
Yil yakuniga qadar Shaxsni identifikatsiyalash markazi ma’lumotlar bazasini Pasport-viza majmuasi bilan integratsiya qilish ham belgilangan. Shu bilan birga, migratsiya sohasida shaxsga doir ma’lumotlarni jamlash uchun Yagona raqamli migratsiya platformasi yaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Migratsiya departamentiga O‘zbekistonga elektron viza bilan kirgan xorijliklar vizasini 30 kungacha uzaytirish huquqi berildi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonning 4 ta hududida Migratsiya va personallashtirish bo‘linmalarida o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega «Aqlli» shoxobchalar tashkil etiladi.





