Logo

Millionlab obunachi, milliardlab daromad: blogerlar qanday tartibda soliq to‘laydi?

Bugun 21:006 daqiqa

Soliq qo‘mitasi auditoriyasi 3 milliondan ortiq bo‘lgan olti blogerning reklama faoliyati bo‘yicha 3,1 mlrd so‘mlik soliq majburiyatini aniqladi. Vaqt.uz ushbu misol orqali blogerlar uchun amaldagi soliq qoidalarini tahlil qiladi.

Millionlab obunachi, milliardlab daromad: blogerlar qanday tartibda soliq to‘laydi? © Foto: Pinterest

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yirik kontent yaratuvchilari va inflyuyenserlar faoliyati o‘rganilib, ayrim holatlarda soliq majburiyatlarining to‘liq bajarilmagani aniqlandi. Vaqt.uz avvalroq o‘tkazilgan onlayn muloqot haqida xabar bergandi.

Soliq qo‘mitasining Iqtisodiy tahlil va yashirin iqtisodiyotni monitoring qilish boshqarmasi bosh davlat soliq inspektori Kamola Axmadjonovaning ma’lum qilishicha, 110 nafar inflyuyenserning faoliyati tahlil qilingan. Ularning 55 nafari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs, 33 nafari yakka tartibdagi tadbirkor va 22 nafari jismoniy shaxs sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Bu blogerlar 2025 yil yakunlari bo‘yicha jami 2,7 milliard so‘m daromadni deklaratsiya qilgan va budjetga 110 million so‘m soliq to‘lagan. Biroq Instagram tarmog‘ida obunachilari 3 milliondan oshgan olti nafar bloger faoliyati o‘rganilganda, davlat budjetiga yetkazilgan 3,1 milliard so‘mlik zarar aniqlangan.

Ular bir yil davomida 184 ta reklama posti va 360 ta tijoriy storis joylashtirgan. Soliq qo‘mitasi hisob-kitoblariga ko‘ra, bu reklama xizmatlaridan olingan daromad 26 milliard so‘mga yaqin bo‘lgan. Natijada davlat budjetiga to‘lanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdori 3,1 milliard so‘m deb baholangan.

Reklama daromadi qanday soliqqa tortiladi? 

Qo‘mita boshqarma boshlig‘i Muzaffar Muhammadsaidovga ko‘ra, yakka tartibda ishlaydigan kontent yaratuvchilar uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomi qulay hisoblanadi. Agar bloger jamoa bilan ishlasa yoki xodimlar jalb qilsa, yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritishi maqsadga muvofiq.

«Ko‘pgina blogerlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda jamoaviy bo‘lib chiqishlar qiladi. Shunday tartibda ishlaydiganlarga yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritishni tavsiya qilamiz», dedi Muzaffar Muhammadsaidov.

Amalda blogerlar to‘laydigan soliq miqdori tanlangan rejimga bog‘liq. Masalan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar yillik aylanmasi 4,94 milliard so‘mgacha bo‘lgan taqdirda tushumning 1 foizini aylanmadan soliq sifatida to‘laydi.

Ushbu chegaradan oshilganda esa QQS va foyda solig‘i tizimiga o‘tiladi. Bu umumbelgilangan soliq turi deyiladi. Ilk bor mazkur soliq rejimiga o‘tganlarga foyda solig‘ini bir yil davomida to‘lamaslik huquqi berilgan.

Bloger yuridik shaxs sifatida faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yillik aylanma mablag‘laridan 4 foizini aylanmadan olinadigan soliq sifatida to‘laydi. Uning aylanmasi ham belgilangan chegaradagi summaga yetsa, umumbelgilangan soliq to‘lovchisi bo‘ladi.

Tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan, ammo blogerlik orqali daromad oladigan jismoniy shaxslar ham soliq to‘lashi kerak. Buning uchun ular har yili 1-aprelgacha daromad deklaratsiyasini taqdim etadi. Hisoblangan 12 foizlik daromad solig‘i esa 1-iyungacha to‘lanishi zarur.

Kartadan-kartaga pul o‘tkazish soliqdan qochish deb baholanadi

Onlayn muloqotda eng ko‘p muhokama qilingan mavzulardan biri blogerlarga reklama uchun to‘lovlarni kartadan kartaga qabul qilish amaliyoti bo‘ldi.

Soliq qo‘mitasi bu usulni tadbirkorlik faoliyatida tushumni yashirish deb baholamoqda. Muzaffar Muhammadsaidovning ta’kidlashicha, reklama xizmatlari uchun P2P o‘tkazmalarni qabul qilish chek bermaslik holatiga tenglashtirilishi mumkin.

«Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan taqdirda jismoniy shaxsning kartasidan-kartasiga pul o‘tkazish tushumni yashirish deb baholanadi. Bu holat belgilangan tartibda jarima solishga sabab bo‘ladi. Chunki o‘rtadagi tushum summasi yashirilmoqda. U yerda cheklar rasmiylashtirilmaydi, soliq hisobotida shakllantirilmaydi. Bu xuddi nazorat-kassa texnikalaridagi kabi chek bermaslik deb baholanadi va jarima qo‘llaniladi», dedi u.

Muzaffar Muhammadsaidov bloger karta orqali pul olsa, chek bermaslik holati singari 5 million so‘m jarimaga tortilishini aytdi. Bundan tashqari, Soliq kodeksining 223-moddasiga asosan, yashirgan soliq bazasining 20 foiz miqdorida qo‘shimcha jarima ham to‘laydi.

«Agar yashirilgan deb topilgan summa katta bo‘lsa, fuqaro jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Misol uchun, kartaga 1 milliard so‘m o‘tkazib berildi. Ushbu summadan Soliq kodeksiga binoan 200 million so‘m (20 foizi) miqdorda jarima qo‘llanishi mumkin. Albatta, jarima qiymati yashirilgan mablag‘ miqdoriga bog‘liq», dedi qo‘mita vakili.

Ro‘yxatdan o‘tish tartibi

O‘zini o‘zi band qilgan shaxs yoki YTT sifatida ro‘yxatdan o‘tishning oflayn va onlayn shakllari bor. Birinchi yo‘l — davlat xizmatlari markazlari yoki soliq organiga borish orqali ro‘yxatga kirish.

Keyingisi esa «Soliq» ilovasi, my.gov.uz portali va new.birdarcha.uz saytlaridan foydalanib, soliq rejimini tanlash imkoniyati bor. Bunda o‘zini o‘zi band qilmoqchi bo‘lganlar «Soliq» yoki my.gov.uz ilovasiga kiradi. YTT ochish niyatidagilar new.birdarcha.uz saytidan foydalanadi.

Rasmiylar ta’kidlashicha, blogerlar uchun asosiy xavf daromadni yashirish emas, balki faoliyatni noto‘g‘ri rasmiylashtirish hisoblanadi. Millionlab obunachilarga ega sahifalar ko‘pincha jamoa bo‘lib ishlasa-da, ayrim holatlarda hali ham jismoniy shaxs yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomida qolmoqda. Bu esa soliq hisoboti va tushumlarni rasmiylashtirishda muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Shu sababli, blogerlar joylashtirayotgan reklama va boshqa onlayn reklamalarni markirovkalash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, har bir reklama uchun alohida kod biriktiriladi.

Soliq qo‘mitasi Budjet daromadlarini prognozlashtirish departamenti direktorining o‘rinbosari Hamdambek Bobojonovning ma’lum qilishicha, bu borada Rossiya tajribasi ham o‘rganilgan. Uning aytishicha, rasmiy tashrif davomida mazkur tizimni ishga tushirishdan oldin amalga oshirilgan tayyorgarlik ishlari, jumladan, qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlar muhokama qilingan.

O‘zbekistonda ham tizimni bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda. Dastlab u ayrim hududlarda sinov tariqasida ishga tushirilishi, keyinchalik esa butun mamlakat bo‘ylab tatbiq etilishi ko‘zda tutilgan.

Qo‘mita vakiliga ko‘ra, Rossiya tomonining amaliyoti, joriy etish jarayonida uchragan muammolar va ularning yechimlari hozirda o‘rganilmoqda. Ayni paytda Soliq qo‘mitasi mazkur tizimning ishlash tartibi va aniq talablari bo‘yicha hali rasmiy ma’lumot bermagan.

Rossiya tajribasi qanday?

Rossiyada blogerlar daromad keltiruvchi faoliyat bilan shug‘ullansa, ushbu tushumlarni rasmiy ravishda deklaratsiya qilishi va belgilangan tartibda soliq to‘lashi lozim. Daromadlarni yashirish yoki soliqdan bo‘yin tovlash esa ayrim holatlarda ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.

Mamlakatdagi amaldagi qoidalarga ko‘ra, blogerlar jismoniy shaxs, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor maqomida faoliyat yuritishi mumkin. Agar kontent bir necha muallifdan iborat jamoa tomonidan yaratilsa va daromad hamda xarajatlarni alohida hisobga olish zarurati bo‘lsa, mutaxassislar mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) shaklida faoliyat yuritishni maqbul variant sifatida ko‘rsatadi.

Rossiyada blogerlar uchun soliq ro‘yxatidan o‘tishning o‘zi yetarli emas. Qonunchilikka muvofiq, auditoriyasi 10 ming nafardan ortiq bo‘lgan blogerlar qo‘shimcha ravishda Roskomnadzor reyestridan ham o‘tishi shart.

Ushbu talab majburiy hisoblanadi. Agar 10 mingdan ziyod obunachiga ega bloger Roskomnadzorda ro‘yxatdan o‘tmasa, u o‘z auditoriyasidan donatlar qabul qilish, shuningdek, sahifasida reklama materiallarini joylashtirish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Shu tariqa Rossiya hukumati yirik auditoriyaga ega kontent yaratuvchilar faoliyatini alohida tartibga solish va ularning daromad manbalarini shaffoflashtirishga harakat qilmoqda.

Agar bloger o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tmagan bo‘lsa ham, u olayotgan daromadidan jismoniy shaxslar daromad solig‘ini to‘lashi shart. Daromad solig‘i 13 foiz stavka bo‘yicha to‘lanadi. Agar daromad 2,4 mln rubldan (362 mln so‘m) oshsa, oshgan qismiga 15 foiz stavka qo‘llaniladi. Agar daromad 5 mln rubldan (755 mln so‘m) oshsa, 18 foiz va undan yuqori stavka qo‘llaniladi.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Teglar

Mavzuga oid