add

Mirziyoyev mavjud konlarda neft va gaz qazib olishni ko‘paytirishni buyurdi

22.07.2025 | 15:2029783

Shavkat Mirziyoyev qo‘shma loyihalar taqdimoti davomida mavjud konlarda neft va gaz qazib chiqarish hajmini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va energetika infratuzilmasini tubdan yangilash bo‘yicha aniq vazifalarni belgiladi.

Mirziyoyev mavjud konlarda neft va gaz qazib olishni ko‘paytirishni buyurdi
21 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbariga xorijiy sheriklar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar bo‘yicha axborot berildi. Jumladan, Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasi bilan Ustyurt hududida neft qidirish va qazib chiqarish, geologiya-qidiruv ishlarini birgalikda olib borish bo‘yicha kelishuvga erishilgani ham xabar qilingan. Shu bilan birga, murakkab konlarni o‘zlashtirish, tarmoqni raqamlashtirish va malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha boshqa davlatlar bilan ham hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Prezident hozirgi loyihalarni tezkorlik bilan amaliy bosqichga o‘tkazish va to‘liq ishlab chiqarish zanjirini tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev amaldagi xorijiy va qo‘shma korxonalarda burg‘ilash samaradorligini oshirish, quduqlarni faol ekspluatatsiya qilish hisobiga neft va gaz hajmini ko‘paytirish zarurligini alohida qayd etdi. Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, gaz zaxiralarini to‘plash va energiya yetkazib berish barqarorligini ta’minlash choralari muhokama qilindi. Ayni paytda Talimarjonda 1065 MW, Sirdaryoda esa 1573 MW quvvatga ega yangi parogaz va issiqlik elektr stansiyalari qurilishi ketmoqda. Ushbu loyihalar yiliga 20 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Shu bilan birga, yil oxirigacha Toshkent, Namangan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida 162 MW umumiy quvvatga ega bir necha yangi GES ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu ob’ektlar yiliga 648 mln kWh energiya ishlab chiqaradi.

Teglar

Mavzuga oid