
Mis narxi 13 ming dollarga chiqdi: bozorni nima qo‘zg‘atmoqda?
2025 yil yakunlariga ko‘ra, London metall birjasida mis 42 foizga qimmatladi va bu ko‘rsatkich 2009 yildan beri eng yuqori yillik o‘sish sifatida qayd etildi.

Mis narxi jahon bozorida navbatdagi tarixiy rekordni qayd etdi. «Bloomberg» ma’lumotlariga ko‘ra, London metall birjasida uch oylik fyucherslar qariyb 4,7 foizga qimmatlab, tonnasi 13 ming dollar belgisidan oshdi. Bu so‘nggi ikki hafta ichida mis narxi o‘rnatgan ikkinchi rekord bo‘ldi: 2025 yil 23-dekabrda metall narxi ilk bor 12 ming dollarga yetgan edi.
O‘tgan yil davomida mis narxi jadal o‘sdi. 2025 yil yakunlariga ko‘ra, London metall birjasida mis 42 foizga qimmatladi va bu ko‘rsatkich 2009 yildan beri eng yuqori yillik o‘sish sifatida qayd etildi. Bozor ishtirokchilari ushbu rallini asosan ta’minot bilan bog‘liq muammolar va global logistikadagi buzilishlar bilan izohlamoqda.
Mis energetik o‘tish jarayonida hal qiluvchi resurs hisoblanadi. U data-markazlar, elektr tarmoqlari, akkumulyatorlar va elektromobillar ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. «Bloomberg» nashrining ta’kidlashicha, so‘nggi oylarda narxlarni qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy omillardan biri — misning AQSHga ommaviy ravishda olib kirilishi bilan bog‘liq ajiotajdir. Ilgari AQSH prezidenti Donald Tramp import misga 50 foizlik boj joriy etish rejasini e’lon qilgan, keyinchalik esa eng ko‘p import qilinadigan tur — rafinadlangan mis bundan mustasno etilgan edi.
Shunga qaramay, ehtimoliy tariflar xavfi treyderlarni misni AQSHga oldindan jo‘natishga undadi. Bu esa boshqa mintaqalarda taklif hajmini qisqartirib, jahon narxlariga bosimni kuchaytirdi. «BMO Capital Markets Ltd» tahlilchisi Helen Amosning so‘zlariga ko‘ra, AQSHda mis zaxiralarining misli ko‘rilmagan darajada to‘planishi jahon narxlarini belgilayotgan asosiy omil bo‘lib qolmoqda.
«UBS Group» tahlilchilari ham 2025 yilda rafinadlangan mis bozori umumiy hisobda profitsitda bo‘lganini, biroq savdo oqimlari AQSH boj siyosati sabab jiddiy buzilganini qayd etdi. AQSH jahon mis zaxiralarining taxminan yarmiga ega bo‘lsa-da, global talabning 10 foizdan kamini tashkil qiladi. Bu esa boshqa mintaqalarda ta’minot tanqisligi xavfini kuchaytirmoqda.





