
Mobil aloqa narxlari bir yilda qariyb 10 foizga oshdi
2025 yil davomida mobil operator xizmatlari qimmatlashdi. Avvalroq bu bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi tomonidan tekshiruv boshlangandi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil noyabr oyida O‘zbekistonda mobil aloqa xizmatlari narxlari oktabr oyiga nisbatan o‘rtacha 0,5 foizga qimmatlashgan. Yil boshidan buyon esa mazkur xizmat turi bo‘yicha narxlar o‘sishi 9,8 foizni tashkil etgan.
Mazkur raqamlar mobil aloqa xizmatlari inflyatsion bosim ostida qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bir oylik o‘sish nisbatan past bo‘lsa-da, yillik dinamika aholi xarajatlarida ushbu xizmatlar ulushi ortib borayotganini anglatadi.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi mobil aloqa operatorlari tomonidan xizmatlar narxlarining oshirilishi yuzasidan maxsus o‘rganish boshlaganini ma’lum qilgan edi. Qo‘mita 2025 yil noyabr oyi boshida mobil operatorlarga rasmiy so‘rovlar yuborib, tariflarni qimmatlashtirishning iqtisodiy asosliligini tahlil qilishni maqsad qilgan.
Ma’lumot uchun, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida mobil aloqa operatorlari orasida eng yirik soliq to‘lovchilar sifatida Uztelecom 1 trln 6,3 mlrd so‘m, Ucell 321,6 mlrd so‘m, Beeline 263,3 mlrd so‘m va Mobiuz 185,3 mlrd so‘m soliq to‘lagan. Bu raqamlar ushbu kompaniyalarning aylanmasi yuqori ekanini ko‘rsatadi.




