add

Mudofaa vazirligi vertolyoti tog‘dagi «O‘zgidromet» xodimini evakuatsiya qildi

06.01.2026 | 18:222 daqiqa

Ugam–Chotqol tog‘larida joylashgan yuqori tog‘ meteostansiyasi xodimi shoshilinch harbiy vertolyot yordamida evakuatsiya qilindi.



Ugam–Chotqol tog‘ tizmasining chekka hududida joylashgan Oygaing yuqori tog‘ meteorologiya stansiyasi xodimi shoshilinch tarzda evakuatsiya qilindi. Qutqaruv ishlari Mudofaa vazirligi Harbiy havo kuchlarining qidiruv-qutqaruv ekipaji tomonidan amalga oshirildi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, 5-yanvar kuni O‘zgidromet rahbariyati stansiya xodimining ahvoli og‘ir ekani va zudlik bilan evakuatsiya zarurligi haqida harbiylarga murojaat qilgan. Shundan so‘ng navbatchi qidiruv-qutqaruv ekipaji harakatga keltirilgan.

Harbiy havo kuchlariga tegishli «Super Puma» rusumli vertolyot tungi vaqtda, tungi ko‘rish asboblaridan foydalangan holda Oygaing meteostansiyasiga yetib borgan. Ekipaj murakkab ob-havo sharoitiga qaramasdan, qutqaruv operatsiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirgan.

Harbiy havo kuchlari taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, evakuatsiya vaqtida stansiya joylashgan hududda qor qalinligi 80–90 santimetrga yetgan, havo harorati esa 10 daraja sovuqni bo‘lgan. Shu sharoitda xodim vertolyotga joylashtirilib, Chirchiq shahridagi tibbiyot muassasasiga yetkazilgan.

Shifoxonada unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, hozirda evakuatsiya qilingan xodimning ahvoli barqaror va u malakali shifokorlar nazorati ostida qolmoqda. Shuningdek, agentlik tomonidan unga barcha zarur yordamlar ko‘rsatilayotgani ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, Oygaing ixtisoslashgan qor ko‘chki meteostansiyasi dengiz sathidan 2100 metr balandlikda joylashgan. U yerda O‘zgidromet xodimlari yil davomida doimiy yashab ishlaydi. Odatda stansiyada uch nafar xodim — stansiya boshlig‘i va ikki texnik-meteorolog faoliyat yuritadi. Qish mavsumida bu hududga faqat vertolyot bilan borish mumkin.

Teglar

Mavzuga oid