
Namanganda noqonuniy diniy ta’lim berish holatlari fosh etildi
18.08.2025 | 16:3019143
Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan yashirin «hujra»larda pul evaziga diniy ta’lim bergan shaxslarning faoliyati to‘xtatildi.

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar boshqarmasi tezkor tadbirlari davomida Namangan shahri hamda tumanlarda moddiy manfaatdorlik asosida diniy o‘qish tashkil etilgan holatlar aniqlangan.
Baliqchi ko‘chasida istiqomat qiluvchi 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro ko‘p qavatli uyda 15 nafar shaxsga saboq bergani ma’lum bo‘ldi. Ma’rifat mahallasidagi 1974 yilda tug‘ilgan ayol esa uyida 14 nafar voyaga yetmagan bolaga dars o‘tgan va har biridan oyiga 1,5 million so‘mdan olgan.
Yangi Namangan tumanida 1983 yilda tug‘ilgan shaxs 10 nafar qiz va 3 nafar fuqaroga yashirincha ta’lim bergan. Uychi tumanida ham 48 yoshli fuqaro uyida bolalarni noqonuniy ta’limga jalb qilgan.
Shu kabi qonunbuzarliklar To‘raqo‘rg‘on va Namangan tumanlarida ham qayd etildi. Faoliyati fosh etilgan shaxslar va bolalarni nazoratsiz qoldirgan ota-onalarga nisbatan qonunchilik asosida chora ko‘rildi.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, O‘zbekistonda dunyoviy va qonuniy diniy ta’lim uchun yetarli imkoniyatlar mavjud. Shu bois farzandlarning kelajagi uchun ota-onalar mas’uliyat bilan yondashishi lozim.





