add

Navoiy xalqaro aeroportiga yangi direktor tayinlandi

Kecha 19:051 daqiqa

Direktor etib tayinlangan Alisher Klichev oldin ham bu aeroportni boshqargan.

Navoiy xalqaro aeroportiga yangi direktor tayinlandi © Foto: navoi-airport.com

Alisher Klichev «Navoiy xalqaro aeroporti» mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori etib tayinlandi. Bu haqda Navoiy viloyati hokimligi axborot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Alisher Klichev ushbu lavozimga aviatsiya sohasidagi katta tajribasi inobatga olingan holda tayinlangan.

U bunga qadar «O‘zaeronavigatsiya» markazi davlat unitar korxonasining Telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelgan.

Qayd etish joiz, Alisher Ne’matullayevich Klichev 2019 yil 11-dekabrdan Navoiy xalqaro aeroportini boshqarib kelgan, ammo 2020 yil 22-oktabr kuni lavozimidan ozod etilgan edi.

Yangi tayinlov Shavkat Mirziyoyev 2-fevral kuni Navoiy xalqaro aeroporti faoliyati samaradorligini oshirish va aviatsiya korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishganidan so‘ng e’lon qilindi. Taqdimot doirasida aeroportni rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan biznes-reja ham namoyish etildi.

Ushbu rejaga ko‘ra, tijorat va noaviatsiya faoliyati ko‘rsatkichlarini 50 foizga oshirish, 25 tadan ortiq aviakompaniyaning doimiy parvozlarini yo‘lga qo‘yish hamda qayta ishlanadigan yuk hajmini 20 ming tonnadan oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Navoiy xalqaro aeroportiga markazlashgan boshqaruv tizimidan mustaqil ravishda mahalliy va xorijiy aviakompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borish huquqi berilishi rejalashtirilgan.

Teglar

Mavzuga oid