
Navoiydagi «Pirali» oltin maydoni boshlang‘ich narxidan 24 barobar qimmatga sotildi
21.08.2025 | 11:3028183
E-auksion savdosida Navoiy viloyatidagi yirik «Pirali» oltin koni maydoni 99,09 milliard so‘mga mahalliy va Xitoy investorlariga tegishli kompaniyaga sotildi.

Auksion 20 avgust kuni ertalab boshlanib, 23 soat 29 daqiqa davom etdi. Yakunda 461 ta taklifdan so‘ng NBK 111 kompaniyasi g‘olib deb topildi. Bu summa boshlang‘ich narxdan 24 marta yuqori.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, «NBK 111» kompaniyasi 2024 yil may oyida Toshkentda ro‘yxatdan o‘tgan va rangli metall rudalarini qazib chiqarishga ixtisoslashgan. Ustav fondi 1,005 milliard so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning 40 foiz ulushiga Xitoy fuqarosi Chjan Syan egalik qiladi, qolgan 60 foizi esa Nurmaxammad Po‘latovga tegishli.
Nurmaxammad Po‘latov shuningdek, Jizzaxdagi «Quwwatt Group» shisha ishlab chiqarish kompaniyasining asosiy aksioneri (90,7 foiz) va «BEEK Electro» elektr jihozlari ishlab chiqaruvchisiga to‘liq egalik qiladi. Ushbu kompaniyalar yagona kontakt raqamidan foydalanishi ham qayd etilgan.
«Pirali» koni 484 gektar maydonni egallaydi. U Zafarabad qishlog‘idan 20,5 km shimoli-sharqda va Navoiy shahridan 38,5 km uzoqlikda joylashgan. Geologik ma’lumotlarga ko‘ra, uchastkada oltin zaxirasi 2,4 tonna deb baholangan.
So‘nggi kunlarda uchta yirik oltin uchastkasi savdoga chiqarildi. Jumladan, Temirchi uchastkasi 67,78 milliard so‘mga baholandi, Olmaliq yaqinidagi Terekli uchastkasi esa qariyb 20 barobar qimmatlashib, 81,8 milliard so‘mga sotildi.





