add

Netanyahu Tramp huzurida Qatar amiridan kechirim so‘radi

29.09.2025 | 23:457614

Ushbu qo‘ng‘iroq HAMAS bilan muzokaralarni boshlash uchun asosiy talab bo‘lgan.

Netanyahu Tramp huzurida Qatar amiridan kechirim so‘radi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu telefon orqali muloqot chog‘ida Qatar hukumati rahbari va tashqi ishlar vaziri Muhammad bin Abdul Rahmon Ol Soniydan 9 sentyabr kuni Dohada Falastinning HAMAS harakati yetakchilariga zarba berishda mamlakat suverenitetini buzgani uchun uzr so‘radi. Bu haqda Isroil televideniyesining 12-kanali xabar bermoqda. Qayd etilishicha, Isroil hukumati rahbari AQSH prezidenti Donald Tramp huzurida Oq uydan qatarlik mavqedoshiga qo‘ng‘iroq qilgan. «Suhbat davomida Netanyaxu ushbu hujum natijasida Qatar xavfsizlik xizmati xodimining halok bo‘lganidan chuqur ta’ziya bildirgan», - deyiladi xabarda. 12-kanal ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar Doha hujumi uchun kompensatsiya masalasini muhokama qilishlari mumkin, biroq Netanyahuning uzr so‘rashining o‘zi «muhim qadam» deb baholanmoqda. Chunki bu Qatarning Isroil va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralarda vositachi sifatida ishtirokini qayta tiklashning sharti edi. Tramp ma’muriyati fikricha, Qatar vositachiligi bo‘lmasa, G‘azoda garovdagilarni ozod qilish va Falastindagi urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishish mushkul bo‘ladi. Netanyaxu Oq uyga kelishidan oldin Tramp Qatar amiri bilan muloqot qilgan. Ma’lumot uchun, Isroil 9 sentyabr kuni Qatar poytaxti Dohada HAMAS amaldorlariga nisbatan havo hujumi uyushtirdi. Axios’ning xabar berishicha, hujum AQSH bilan oldindan kelishilgan holda amalga oshirilgan. Qatar Tashqi ishlar vazirligi hodisani «jinoiy tajovuz» deb atadi va uni xalqaro huquq normalarining ochiqdan-ochiq buzilishi sifatida qoraladi. Bayonotga ko‘ra, hujum HAMAS Siyosiy byurosi a’zolari istiqomat qiladigan turar-joy binolariga qaratilgan bo‘lib, bu qatarliklar xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Rasmiy Dohada xavfsizlik kuchlari hodisaning oqibatlarini bartaraf etish va tergov ishlarini olib borishga kirishgan. O‘z o‘rnida Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoralagandi.  

Teglar

Mavzuga oid