
Nodavlat oliygohlar uchun yangi litsenziya shartlari joriy etildi
03.07.2025 | 12:2014502
O‘zbekistonda nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyatini litsenziyalash tartibida qo‘shimcha talablar belgilandi. Vazirlar Mahkamasining 403-sonli qaroriga muvofiq, bu choralar ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan.

Endi litsenziya olish uchun ariza beruvchi tashkilot ta’lim konsepsiyasini taqdim etishi kerak. Shuningdek, ustav kapitali kamida 2 mln dollar ekvivalentida shakllantirilishi lozim. Bu summa moddiy-texnik baza va ta’lim jarayonini ta’minlashga yo‘naltiriladi. Talabalar soni ko‘paygan sari ustav fondi ham oshirilishi shart.
Qarorga muvofiq, 350 ming dollar miqdoridagi mablag‘lar tijorat banki depozitlarida zaxira sifatida saqlanishi talab etiladi. Bundan tashqari, ta’lim olish uchun mo‘ljallangan binolarning maydoni 5 ming kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi kerak. Ushbu binolar mulk sifatida emas, ijara shartnomasi orqali foydalanilishi mumkin.
Muassasa tashkil etilganidan so‘ng, birinchi 5 yil davomida uning sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa 50 foizi ta’lim faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltirilishi shart.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi. Shu vaqtgacha litsenziya olganlar esa 2026 yil 1 yanvargacha o‘z faoliyatini yangilangan talablarga moslashtirishi kerak bo‘ladi.





