
Oilaviy poliklinikalarda tibbiy xizmatlar pulli bo‘lishi haqidagi xabarlar rad etildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi yangi yildan tibbiy xizmatlar pulli bo‘lishi haqidagi xabarlarni rad etdi.

O‘zbekistonda 2026 yildan oilaviy poliklinikalarda tibbiy xizmatlar pulli bo‘lishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar rasman rad etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bu kabi ma’lumotlar mutlaqo asossiz ekanini bildirib, amaldagi tartib o‘zgarmasligini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar 2025 yil 31-dekabrga qadar DMED axborot tizimiga qayta biriktirilmasa, poliklinikalarda xizmatlar pulli bo‘lishi haqida xabarlar tarqalgan edi.
“bugungi kunda respublikaning 37,7 mln nafar aholisi DMED tizimiga biriktirilgan bo‘lib, ularning elektron tibbiy kartasi to‘liq shakllantirilgan. Shu sababli fuqarolarni tizimda qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga hech qanday ehtiyoj yo‘q”, deyiladi vazirlik xabarida.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida aholiga tibbiy xizmatlar davlat tomonidan kafolatlangan hajm doirasida bepul ko‘rsatiladi. Bu tartib oilaviy poliklinikalar, qishloq tibbiyot punktlari hamda oilaviy shifokor punktlariga taalluqli.
Kafolatlangan paket doirasida xizmatlardan foydalanish uchun fuqarolar belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va oilaviy shifokor yoki tibbiyot brigadasiga murojaat qilishi lozim. Shoshilinch va tez tibbiy yordam bu talablardan mustasno hisoblanadi.
Oilaviy shifokor davolash va tashxis qo‘yish standartlariga muvofiq holda bemorni tor soha mutaxassislariga yoki zarurat tug‘ilganda shifoxonaga elektron yo‘llanma asosida yuborishi mumkin. Bemor aynan shu yo‘llanma bilan tegishli xizmatlarni bepul oladi.
Vazirlik, shuningdek, noyabr oyida tasdiqlangan pulli xizmatlar tartibi faqat rejali tibbiy yordamni yo‘llanmasiz va ixtiyoriy ravishda olish holatlariga tegishli ekanini eslatdi.





