add

Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi

Bugun 12:402 daqiqa

Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi o‘quvchi qizning vafoti yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Olmaliqdagi maktabda 10-sinf o‘quvchisi vafot etdi

Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan umumta’lim maktablaridan birida 10-sinfda tahsil olgan o‘quvchi qiz vafot etdi. Mazkur holat jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Avvalroq bu haqda Nemolchi.uz nashri xabar tarqatgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘quvchining o‘limiga kuchli stress oqibatida tromb hosil bo‘lishi sabab bo‘lgan.

«Maktabda yuqori sinf o‘quvchisi bo‘lgan bir qiz haqida noxush mish-mishlar tarqalgan edi. Bu qiz ota-onalar qo‘mitasi vakilining yo qarindoshi, yo tanishi bo‘lgan. U yolg‘on bahona bilan ichki ishlar xodimlarini chaqirtirib, qizlarga qo‘pol ohangda, baland ovozda «ma’ruza» o‘qiy boshlagan. So‘ngra mish-mish tarqatishda «gumon qilingan» qizlarni suhbat uchun alohida xonaga chaqirishgan. Mening farzandim ham shu yig‘ilishda edi. Men va ko‘plab ota-onalar g‘azabdamiz. Qanday qilib bolalarni ota-onalar va psixologlarni ogohlantirmasdan yig‘ish mumkin? Qaysi huquq bilan bu ota-ona huquq-tartibot idoralari xodimlari (erkaklar) huzurida bizning bolalarimizga baland ovozda dashnom beradi, ustiga-ustak noqulay savollar berishga jur’at etgan o‘qituvchini ishdan bo‘shatish bilan qo‘rqitishga haddi sig‘adi?», — deydi marhum qizning onasi.

Manbaga ko‘ra, suhbat jarayonida ayrim mas’ul shaxslar tomonidan o‘quvchilarga keskin va baland ovozda murojaat qilingan. Asosan erkaklar ishtirok etgan xonaga chaqirilgan o‘quvchi qiz mazkur holatni og‘ir qabul qilgan va kuchli ruhiy bosimga tushgan.

Hodisa yuzasidan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 2026 yil 28-yanvar kuni Olmaliq shahridagi 5-sonli umumta’lim maktabida yuz bergan. Maktabning 10-sinf o‘quvchisi (2009 yilda tug‘ilgan) K. Ye. maktab yo‘lagida hushini yo‘qotgan. Dastlabki tibbiy yordamlarga qaramay vafot etgan.

«Ayni paytda huquq-tartibot organlari tomonidan hodisa yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Yakuniy xulosalar rasmiy tekshiruvlar nihoyasiga yetgach e’lon qilinadi», — deyiladi xabarda.

Boshqarma matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘rganish ishlari yakunlanganidan so‘ng qo‘shimcha ma’lumotlar belgilangan tartibda jamoatchilikka taqdim etiladi. Ungacha tasdiqlanmagan ma’lumotlarni tarqatmaslik, xolislik va qonun ustuvorligi tamoyillariga rioya qilish so‘raldi.

Teglar

Mavzuga oid