
Oltin kontrabandasi: jinoyatchilar qimmatbaho metall orqali milliardlab foyda ko‘rmoqda
21.08.2025 | 21:4526054
Oltin narxining o‘sishi tufayli noqonuniy qazib olish va kontrabanda jinoiy guruhlarga milliardlab dollar foyda keltirmoqda.

Oltin narxining o‘sishi fonida bu qimmatbaho metallni noqonuniy qazib olish va kontrabanda qilish jinoiy guruhlar uchun har yili o‘nlab milliard dollar daromad keltirmoqda. Bu haqda «Financial Times» gazetasi xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, so‘nggi o‘n yil ichida oltin narxi uch baravarga, 2025 yil boshidan beri esa 25 foizga oshgan. Bu esa investorlarni mazkur metallga faol mablag‘ kiritishga undamoqda. Bunday sharoitda jinoyatchilar noqonuniy qazib olish va kontrabandani kengaytirib, katta miqdordagi mablag‘larni qo‘lga kiritmoqdalar.
SwissAid tashkilotining hisob-kitoblarida keltirilishicha, faqatgina 2022 yilning o‘zida Afrikadan 31 milliard dollarlik 435 tonna oltin kontrabanda yo‘li bilan olib chiqilgan – bu o‘n yil avvalgiga nisbatan ikki baravar ko‘p.
Peru moliyaviy nazorat organi baholashiga ko‘ra, 2024 yilda noqonuniy oltin eksportining ulushi mamlakatning umumiy eksport hajmining 40 foizidan oshib, 15 milliard dollarga yetgan.
Amazon Underworld platformasi ma’lumotlarida ta’kidlanishicha, Janubiy Amerikada jinoiy guruhlar giyohvand moddalardan ko‘ra oltindan ko‘proq daromad olishmoqda va oltin konlari uchun kurash raqobatdosh jinoiy uyushmalar o‘rtasida o‘nlab qotilliklar bilan kuzatilmoqda.
Ko‘plab qurolli mojarolar va zaif davlat tuzilmalari mavjud bo‘lgan Afrika mamlakatlarida, qazib olish hamda eksportni nazorat qila olmaydigan hukumatlar tufayli, turli guruhlar tashlandiq konlarni egallab olib, mahalliy aholi va mehnat muhojirlarini majburiy ishlashga jalb qilmoqda. «Financial Times» gazetasi ekspertlarga tayanib xabar berishicha, noqonuniy qazib olingan oltinning aksariyat qismi qayta ishlangandan so‘ng yirik savdo maydonchalariga kelib tushadi, bu yerda metallning kelib chiqishi noma’lum bo‘lib qoladi.
Jumladan, dubaylik zargarlik buyumlari savdogarlaridan biri nashrga shunday izoh berdi: «Biz Sudanga bormaymiz, u yerdan oltin sotib olmaymiz va keyinchalik sotmaymiz ham. Biz katta ulgurji bozorga boramiz, pul beramiz va oltin olamiz, xolos».





