
Oltin narxi tarixda birinchi marta 4 700 dollarga chiqdi
Investorlar Grenlandiyani sotib olishga urinish, Erondagi notinchliklar va FZT mustaqilligiga tahdid sabab oltinni «xavfsiz boshpana» sifatida ko‘rmoqda. Bu esa talabni kuchaytirib, narx o‘sishiga olib kelyapti.

20-dekabr kuni oltinning global narxi ilk marta troyya unsiyasi (31,1 g) uchun 4 700 dollarlik marradan yuqoriga ko‘tarildi. Shu tariqa qimmatbaho metalning navbatdagi rekord ko‘rsatkichi qayd etildi.
Yillik hisobda oltin narxi 70 foizdan ko‘proq o‘sdi. Bu tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri. 20-dekabrga nisbatan oylik o‘sish 6 foizdan oshdi.
So‘nggi kunlarda oltin qimmatlashayotganiga AQSH prezidenti Donald Trampning Daniyaga qarashli Grenlandiyani egallab olish haqidagi bayonotlari sabab bo‘lmoqda.
Dushanba kuni e’lon qilingan xabarlarga ko‘ra, Daniya tomoni AQSH Grenlandiya oroli ustidan nazorat qilish uchun kuch ishlatishini istisno qilmayapti. Shu tufayli, Daniya oroldagi harbiy kuchlarni ko‘paytirmoqda.
Donald Tramp Grenlandiya AQSHga sotilmasa, 1-fevraldan boshlab Yevropaning sakkizta davlatiga qo‘shimcha 10 foizlik import bojlari joriy qilinishi bilan tahdid qildi. Orol yozgacha sotilmasa, bojlar 25 foizgacha ko‘tarilishi mumkin.
Yevropa davlatlari va Daniya hukumati esa Grenlandiyani AQSHga berib qo‘ymoqchi emas. Ular birgalikda AQSH tovarlari uchun qo‘shimcha 93 mlrd dollarlik bojlarni tayyorlamoqda.
Yil boshida yuz bergan Venesuela va Erondagi notinchliklar ham oltinning «xavfsiz boshpana» sifatida investorlar uchun jozibadorligini oshirmoqda. AQSH Venesuela prezidentni hibsga olgan bo‘lsa, Erondagi ommaviy noroziliklar fonida Donald Tramp Eron bilan savdoni davom ettirgan davlatlarga 25 foizlik boj joriy qilinishi ta’kidladi.
Sal avval AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) raisi Jerom Pauell unga nisbatan Tramp ma’muriyati jinoiy tergov boshlaganini ma’lum qilgandi. Tramp uzoq vaqtdan beri Fed’ga foizlarni pasaytirmayotgani uchun tahdid qilib keladi.
FZT raisi bunga javob qilib, o‘z lavozimida qolishi va Amerika xalqiga halollik bilan xizmat qilishda davom etishini bildirdi. Hodisa investorlar tomonidan Fed mustaqilligi xavf ostida deya baholandi.
O‘zbekistonda bugun, 20-yanvar uchun 1 gramm oltin quyma narxi 1 mln 848 ming so‘mdan qilib belgilandi. Rekord ko‘rsatkich 1 mln 852 ming so‘m bo‘lib, kun davomida yoki ertaga yangilanishi kutilmoqda.
2026 yilda narx qanday bo‘ladi?
Oltin narxi aksariyat tahlilchilar tomonidan 2026 yilda ham o‘sishi kutilmoqda. «JP Morgan» tahlilchilari kelasi yil oxirida oltin 5200—5300 dollar atrofida bo‘ladi deb kutmoqda. «Goldman Sachs» prognozi esa 4900 dollar atrofida.
Ushbu kutilmalar amalga oshadigan bo‘lsa, 100 g ko‘rinishidagi oltin quyma narxi 2026 yilda 200 mln so‘mdan oshadi. Bu esa unga bo‘lgan talabni yanada kuchaytirishi kutilmoqda.
Markaziy bank oltin narxi 2026 yilga kelib 4 000 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilgandi. Vaziriyatga qarab narx 5 500 dollargacha chiqishi yoki 2 500 dollargacha arzonlashi ham mumkin.
So‘nggi voqealar fonida oltin narxi 2026 yilda ham barqaror ravishda o‘sishda davom etishini kutish mumkin.
Avvalroq, oltinga O‘zbekiston sharoitida qanday qilib investitsiya kiritish haqida ma’lumot berilgandi.





