add

Oltinning bir unsiyasi 5 ming dollardan oshdi

26.01.2026 | 09:382 daqiqa

Jahon bozorlarida geosiyosiy xavotirlar kuchaygan bir paytda oltin qiymati keskin oshib, investorlar e’tibori yana xavfsiz aktivlarga qaratildi.

Oltinning bir unsiyasi 5 ming dollardan oshdi

Jahon moliya bozorlarida oltin narxi ilk bor bir unsiya uchun 5 ming dollar chegarasidan oshdi. Qimmatbaho metall 2025 yil davomida 60 foizdan ortiq qimmatlab, so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etmoqda. Mutaxassislar bu jarayonni global beqarorlik va investorlar xavfdan qochish strategiyasi bilan izohlamoqda.

Narxlar o‘sishi xalqaro siyosiy vaziyatdagi keskinlik bilan ham bog‘liq. AQSH va NATO o‘rtasida Grenlandiya masalasi atrofidagi tortishuvlar, shuningdek, moliyaviy bozorlardagi noaniqlik investorlar ishonchini susaytirmoqda. AQSH prezidenti Donald Trampning savdo siyosati ham bozorlarga bosim o‘tkazmoqda. U 24-yanvar kuni Kanada Xitoy bilan savdo kelishuvi tuzsa, 100 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilgan.

Oltin — xavfsiz aktiv

Oltin va boshqa qimmatbaho metallar odatda xavfsiz aktiv sifatida qabul qilinadi. Bozorda noaniqlik ortgan davrlarda sarmoyadorlar aynan shunday aktivlarni tanlaydi. 23-yanvar kuni kumush narxi ham ilk bor bir unsiya uchun 100 dollardan oshdi. Bu 2025 yilda deyarli 150 foizlik o‘sishdan keyingi navbatdagi sakrash sifatida qayd etildi.

Qimmatbaho metallarga talab oshishiga inflatsiya darajasining yuqoriligi, AQSH dollarining zaiflashuvi, markaziy banklar tomonidan oltin xaridining ko‘payishi va AQSH Federal zaxira tizimi foiz stavkalarini pasaytirishi kutilyotgani ta’sir qilmoqda.

Zaxiralar va istiqbol

Oltinning jozibadorligi uning kamyobligi bilan ham bog‘liq. Jahon oltin kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha taxminan 216 ming tonnadan ortiq oltin qazib olingan.

AQSH Geologiya xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, yer ostida yana 64 ming tonna atrofida oltin zaxirasi mavjud. Biroq yaqin yillarda yetkazib berish zanjirlarida uzilishlar yuzaga kelishi mumkin. «ABC Refinery» kompaniyasining institutsional bozorlar bo‘yicha rahbari Nikolas Frappellning ta’kidlashicha, oltin boshqa aktivlardan farqli ravishda hech kimning qarziga bog‘liq emas va mustaqil qiymatni saqlab qoladi.

Teglar

Mavzuga oid