
Onlayn ma’lumotlar qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi
10.09.2025 | 15:0042383
2025 yil 1 noyabrdan shaxsga doir ma’lumotlar elektron ko‘rinishida taqdim etilganda, ularning qog‘oz shakli talab qilinmaydi.

Prezidentning 2025 yil 8 sentyabrdagi farmoniga ko‘ra, 1 noyabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali shaxsiy kabinetda taqdim etilgan ma’lumotlar qog‘oz hujjatga teng kuchga ega bo‘ladi. Shu bilan davlat organlari va tashkilotlari ularning qog‘oz shaklini talab qilish huquqidan mahrum etildi.
Yagona portalning mobil ilovasi orqali ko‘rsatilgan ma’lumotlar ham rasmiy hujjat sifatida qabul qilinadi. Bu o‘zgarish byurokratik to‘siqlarni keskin qisqartirish va xizmat ko‘rsatish jarayonini soddalashtirishga qaratilgan.
Farmonda, shuningdek, davlat xizmatlari markazlarida yangi qoidalar belgilandi. Pensionerlar, homilador ayollar va uch yoshgacha farzandi bilan kelgan fuqarolar navbatsiz xizmatdan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Shaxslarni identifikatsiya qilish tizimi ham takomillashtiriladi. OneID orqali ro‘yxatdan o‘tish bilan bir qatorda Face ID orqali biometrik identifikatsiya joriy etiladi. Bu jarayon tezkorlik va qulaylikni ta’minlashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 1 iyuldan O‘zbekistonda ichki aviaparvozlar uchun ro‘yxatdan o‘tishda shaxsni tasdiqlovchi elektron hujjatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan edi.
Avvalroq davlat xizmatlari sohasida ishonchnoma va reyestr tizimini raqamlashtirishga qaratilgan «Vakolat.uz» elektron platformasi 2026 yil 1 yanvardan faoliyat boshlashi haqida xabar bergan edik.





