add

Onlayn mikrokreditlar uchun yangi talablar joriy etiladi

27.10.2025 | 15:253002

Markaziy bank kredit tashkilotlariga mijozlar haqidagi ma’lumotni kredit byurolariga real vaqtda taqdim etishni majburiy qilishni taklif qilmoqda. Bu fuqarolar nomidan ruxsatsiz mikrokreditlar rasmiylashtirilishining oldini olishga qaratilgan.

Onlayn mikrokreditlar uchun yangi talablar joriy etiladi

O‘zbekiston Markaziy banki kredit tashkilotlarining onlayn mikrokreditlar bo‘yicha ma’lumotni kredit byurolariga kechiktirmasdan yetkazishini talab qiluvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Yangi tartib moliyaviy firibgarlik holatlarini kamaytirish va fuqarolarning kredit tarixi shaffofligini ta’minlashni maqsad qilgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi paytlarda o‘zini bank yoki huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimi sifatida tanishtirib, fuqarolarni aldayotgan shaxslar soni ko‘paygan. Ular «ijtimoiy injiniring» usuli — soxta qo‘ng‘iroqlar, yolg‘on havolalar va mobil ilovalar orqali odamlarning Click, Payme kabi ilovalardagi login, parol va bir martalik kodlarini qo‘lga kiritmoqda.

Bu holat natijasida ayrim fuqarolarning nomidan ruxsatsiz mikrokreditlar rasmiylashtirilayotgani kuzatilgan. 2024 yilning dastlabki to‘qqiz oyida shunday jinoyatlar sabab 8 milliard so‘mlik moddiy zarar yetkazilgani qayd etilgan.

Hozirgi amaldagi qoidaga ko‘ra, kredit tashkilotlari ma’lumotni faqat keyingi ish kunida byuroga yuborishi mumkin. Bu esa ma’lumotning kechikishiga va ayrim hollarda bir shaxs nomiga bir kunda bir necha kredit rasmiylashtirilishiga sabab bo‘lmoqda.

Yangi taklifga ko‘ra, kredit tashkilotlari kredit haqidagi ma’lumotni real vaqtda yoki keyingi ish kunidan kechiktirmasdan yuborishi shart bo‘ladi. Shuningdek, «real vaqt rejimi» atamasi huquqiy jihatdan aniqlanib, kredit tashkilotlari va byurolar o‘rtasidagi ma’lumot almashinuvi tartibi belgilab beriladi.

Qaror loyihasi yuzasidan taklif va mulohazalar 31 oktyabrgacha qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Bank asosiy stavkani yana o‘zgarishsiz qoldirgani haqida xabar bergan edik. MB raisi asosiy stavkani o‘zgarishsiz qolganining sabablarini tushuntirdi.

Teglar

Mavzuga oid

Onlayn mikrokreditlar uchun yangi talablar joriy etiladi | Vaqt.uz