
Orol dengizi tubini ko‘kalamzorlashtirishda qo‘shnilar hamkorlik qiladi
07.06.2025 | 10:4040262
Qozog‘iston va O‘zbekiston Orol dengizi qurib qolgan hududlarini yashil maydonga aylantirish bo‘yicha qo‘shma loyiha ishlab chiqmoqda. Loyiha ikki davlat chegarasiga yaqin yerlarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya vaziri Leyli Seitova ma’lum qilishicha, asosiy maqsad — ekologik muvozanatni tiklash, havodagi changi va tuzni kamaytirish, shuningdek, mavjud suv manbalarini saqlab qolish.
O‘zbekiston hududida 2018 yildan buyon 2 mln ha maydonda saksovul ekib kelinmoqda. Avvalroq saksovul tuproqdan havoga ko‘tariladigan changi va tuzni 15–18 foizgacha ushlab qolishi aytilgan bo‘lsa, so‘nggi natijalar bu ko‘rsatkich 35–40 foizga yetganini ko‘rsatmoqda.
Joriy yilda yana 15 ming ha yerda o‘simliklar ekish rejasi bor. Bundan tashqari, avvalroq Orol tubida sho‘rlashishga chidamli ulkan qamish turlari sinovdan o‘tkazilgani ma’lum qilingan edi.
O‘zaro hamkorlikda amalga oshiriladigan ushbu tashabbus nafaqat atrof-muhitni muhofaza qilish, balki mintaqaning ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligiga hissa qo‘shishi kutilmoqda.





