add

Osmon, pul va ikki «ahmoq»: dahanaki jangni milliardlarga aylantirgan «Ryanair»

26.01.2026 | 13:107 daqiqa

Dunyoning eng boy insoni Ilon Mask ijtimoiy tarmoqda Irlandiyaning loukoster aviakompaniyasi rahbari bilan tortishib qoldi. «Ryanair» esa bu tekin reklamadan foydalanib, katta daromad topdi.

Osmon, pul va ikki «ahmoq»: dahanaki jangni milliardlarga aylantirgan «Ryanair»

Bir sarlavhada Maykl O’Liri va Ilon Mask ismlari birga ishlatilsa, dunyo yoki texnologik inqilobni, yoki ulkan mojaroni kutadi. 2026 yil yanvar oyi bizga ikkinchisini taqdim etdi. Aviakompaniya aksiyalari yangi yillik maksimumlarni zabt etayotgan bir paytda, uning rahbari sayyoraning eng boy odami bilan ochiqcha janjalga kirishdi.

Ammo bu media spektaklining pardasi ortida shunchaki shov-shuv emas, balki kompaniya o‘zining so‘nggi choraklik hisobotida ochib bergan raqamlarga asoslangan sovuq mantiq yotibdi. Ana shu raqamlar O’Liri nima uchun hatto dunyoning eng boy odamining maslahatlarini ham pisand qilmaslikka qodir ekanini tushuntiradi.

 

Ilon Mask bilan mojaro xronikasi

Bahs «SpaceX»ning «Starlink» sun’iy yo‘ldosh interneti atrofida avj oldi.

Ilon Mask «Starlink»ni aviakompaniyalar uchun yechim sifatida faol targ‘ib qildi va ko‘plab tashuvchilar uni joriy etishni boshladi. Biroq Maykl O’Liri bunga qat’iyan qarshi chiqdi. U o‘z intervyularidan birida buni raqamlar tilida izohladi: «Starlink» sun’iy yo‘ldoshli internet antennalarini samolyot fyuzelyajiga o‘rnatish aerodinamik qarshilikni oshiradi, bu esa yoqilg‘i sarfini 2 foizga ko‘paytirishga olib keladi. «Ryanair»ning yillik yoqilg‘i xarajatlari milliardlab yevro bilan o‘lchanishini inobatga olsak, bu «ikki foiz» aksiyadorlar uchun o‘nlab million yevro sof foydadan mahrum bo‘lish demakdir.

O’Liri yana shuni ham ta’kidladiki, qisqa masofali reyslarda (o‘rtacha davomiylik – bir soatdan sal ko‘proq) yo‘lovchilar Wi-Fi uchun ortiqcha pul to‘lashga tayyor emas, kompaniya esa bu xizmatni o‘z zarariga taqdim etmoqchi emas.

 

Ular ijtimoiy tarmoqlarda aynan nima deb yozishdi?

Maykl O’Liri:
«Men Ilon Maskka umuman e’tibor ham bermas edim... Ilon Mask parvozlar va aerodinamik qarshilik haqida mutlaqo tushunchaga ega emas».

Ilon Mask:
«Ryanair»ning bosh direktori – butunlay ahmoq. Uni ishdan bo‘shating».

ryanair liri 02

Uzr so‘rash o‘rniga, «Ryanair» mojaroni bepul reklamaga aylantirdi. Kompaniya darhol «Big Idiots Seat Sale» («Katta ahmoqlar uchun joylar sotuvi») aksiyasini ishga tushirib, chiptalarni 16,99 yevrodan sotuvga chiqardi. 2026 yil 21-yanvar kuni Dublinda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O’Liri Maskka piar uchun «minnatdorlik» bildirdi va sotuvlar o‘sganini ta’kidladi. Shuningdek, u «Ryanair» balansda 0,6 milliard yevro sof naqd mablag‘ga ega ekanini eslatib, biznesni boshqarish bo‘yicha unga hech qanday maslahat kerak emasligini aytdi.

ryanair liri 03

 

Kichik orzusidan Yevropa osmoni hukmdorigacha

Shu o‘rinda «Ryanair» tarixi bilan tanishsak. U inqiroz va jasorat qanday qilib gigantlarni tug‘dirishining klassik namunasidir.

Kompaniya 1984 yilda Rayan (Ryan) oilasi – Kristi, Toni va Liam Lonergan tomonidan tashkil etilgan. Aviakompaniya juda kamtarona ish boshladi: uning 15 o‘rinli «Embraer» turbovintli samolyoti Irlandiyaning Uoterford shahri bilan Londonning Gatvik aeroporti o‘rtasida qatnagan. O‘sha paytdagi maqsad oddiy edi — narxlarni juda yuqori darajada ushlab turgan davlat aviakompaniyalari «British Airways» va «Aer Lingus» monopoliyasini yo‘qqa chiqarish.

Biroq haqiqiy inqilob asoschilar tufayli emas, balki ularni bankrotlikdan qutqarish uchun kelgan inson sababli ro‘y berdi. 1990-yillar boshida kompaniya zarar ko‘rayotgan edi. Toni Rayan yosh moliyachi Maykl O’Lirini ishga oldi, u dastlab aviakompaniyani yopishni maslahat bergan. Ammo AQSHga safar qilib, «Southwest Airlines» modelini o‘rgangach, O’Liri kelajakni «o‘ta arzon» (ultra-low-cost) konsepsiyasida ko‘rdi.

1994 yilda bosh direktor lavozimini egallagan O’Liri butun o‘yin qoidalarini o‘zgartirdi. U biznes-klass, bepul ichimliklar va har qanday ortiqcha qulayliklardan voz kechdi. Formula qattiq, ammo samarali edi: samolyotlar turishi emas, uchishi kerak. Samolyotlarning mudom parvozda bo‘lishi, ikkinchi darajali aeroportlardan foydalanish va flotni bir xillashtirish tashish xarajatlarini keskin kamaytirishga imkon berdi.

Bugun «Ryanair» — aviatsiya sanoatining haqiqiy giganti. 2025 yil aprelidan sentabrigacha bo‘lgan birinchi davrda kompaniya rekord darajada — 115 million yo‘lovchini tashidi, bu o‘tgan yilga nisbatan 9 foizga ko‘p. Uning aviaparkidagi uchoqlari soni 650 taga yaqin. Ular asosan Boeing 737-800 va MAX 8 samolyotlaridan iborat. Bu endi oddiy mintaqaviy tashuvchi emas, balki samolyotda sayohat qilishni hashamatdan kundalik odatga aylantirgan Yevropaning eng yirik aviakompaniyasidir.

ryanair liri 05

 

Foyda anatomiyasi: «Oltin chorak» va yashirin daromadlar

«Ryanair» nima uchun mojarolar paytida o‘zini shunchalik ishonch bilan tuta olishini tushunish uchun, uning moliyaviy hisobotlariga, ayniqsa 2025 yilning sentabrida yakunlangan «oltin» chorak natijalariga nazar tashlash kerak. Biznes modeli bir nechta ustunlarga tayanadi va aynan shu omillar g‘oyat yuqori marjinallikni ta’minlaydi.

1. Pik mavsumdagi fenomenal samaradorlik. So‘nggi hisobot choragi (2025 yil iyul–sentabr) bo‘yicha ma’lumotlar hatto Uoll-stritdagilarni ham hayratga soldi. Kompaniyaning ushbu uch oydagi tushumi 5,48 milliard yevroga yetdi va 8,17 foiz o‘sishni ko‘rsatdi. Ammo haqiqiy mo‘’jiza «Sof daromad» satrida yashiringan. Birgina chorak ichida kompaniya 1,72 milliard yevro sof foyda oldi – bu o‘tgan yilga nisbatan 20,10 foizlik sakrash demakdir.

2. Xarajatlar nazorati va yoqilg‘i narxini belgilash. «Ryanair» Yevropa aviakompaniyalari orasida eng past birlik xarajatlarga ega (yoqilg‘ini hisobga olmagan holda, bir yo‘lovchiga taxminan 33 yevro). Kompaniya energiya resurslari bozorida mahorat bilan harakat qiladi. 2026-moliyaviy yil uchun moliya bo‘limi yoqilg‘i ehtiyojining 85 foizini barreli 79 dollar narxida oldindan belgilab qo‘ydi. Bu neft narxlaridagi tebranishlardan ishonchli himoya yaratib, foydani shveysariya soati aniqligida rejalashtirish imkonini beradi. So‘nggi chorakda EBITDA ko‘rsatkichi (soliqlar va amortizatsiyadan oldingi foyda) 16,73 foizga o‘sib, 2,29 milliard yevroga yetdi.

3. Qo‘shimcha daromadlar. Bu — O’Lirining yashirin quroli. Asosiy aviachipta qimmat bo‘lmasligi mumkin, ammo haqiqiy pul qo‘shimcha xizmatlar orqali ishlanadi. So‘nggi hisobotga ko‘ra, qo‘shimcha xizmatlardan (bagaj uchun qo‘shcha pul, ustuvor chiqish, joy tanlash) olinadigan o‘rtacha daromad bir yo‘lovchiga 24,80 yevroga yetdi. Buni yarim yildagi 115 million mijozga ko‘paytirsa, «qulaylik» sotish kompaniyaga milliardlab yevro keltirayotganini, arzon chiptalardagi ehtimoliy zararlarni esa amalda sug‘urtalab qo‘yayotganini tushunish mumkin.

ryanair liri 06

 

Bozor rallisi: «Ryanair» aksiyalari 2025–2026 yillarda

OAVdagi shov-shuvlarga qaramasdan, investorlar hamyoni bilan ovoz bermoqda. «Ryanair»ning so‘nggi bir yillik aksiyalar dinamikasi bozor kompaniyaning moliyaviy natijalaridan juda mamnun ekanini ko‘rsatadi.

O‘sish dinamikasi. 2025 yil davomida aksiyalar ishonchli o‘suvchi trendni namoyish qildi: 2025 yil birinchi choragidagi yillik minimum – taxminan 38,52 dollardan boshlab, barqaror ravishda yuqoriga ko‘tarildi. Kuchli choraklik hisobotlar (ayniqsa rekord foyda ko‘rsatilgan sentabr hisoboti) aksiya narxini yanada oshirdi.

Pik qiymatlar. Tarixiy maksimum 2026 yil 5-yanvar kuni qayd etildi – bir aksiya uchun 73,82 dollar. Bu samolyotlarning rekord darajada to‘ldirilishi va marjaning o‘sishi haqidagi yangiliklarga bozorning bevosita reaksiyasi bo‘ldi.

ryanair liri 04

Mojaroga reaksiya. Mask bilan bo‘lgan nizo avj olgan paytda aksiyalar qisqa muddatli noaniqlikka duch kelib, 68,28 dollar darajasigacha tuzatildi. Bu 6–7 foizlik pasayishni tahlilchilar sarosima sifatida emas, shiddatli o‘sishdan keyingi texnik korreksiya va foydani fiksatsiya qilish sifatida baholamoqda.

Kompaniya aksiyalari P/E (narx/foyda) multiplikatori bo‘yicha investorlarning kelgusidagi o‘sishga bo‘lgan ishonchini aks ettiradi. Bu, ayniqsa, bir aksiya uchun 0,223 yevro miqdorida oraliq dividendlar e’lon qilingani fonida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

 

Uoll-strit hukmi: tahlilchilar nima deydi?

Moliyaviy olam Mask bilan bo‘lgan mojaroni ehtiyotkorona optimizm bilan qabul qildi. Yirik investitsion banklar tahlilchilari «Xdagi shov-shuv» tashuvchining fundamental ko‘rsatkichlariga ta’sir qilmayotganini ta’kidlamoqda. Aksincha, «Starlink»dan voz kechish professional hamjamiyat tomonidan ijobiy baholandi – bu «Ryanair» rahbariyati xaypga berilmasdan, operatsion xarajatlarni qat’iy nazorat qilib kelayotganining isboti sifatida qabul qilindi.

«Qiyin iqtisodiy sharoitlarda sof foyda marjasi 31 foizni va EBITDA o‘sishi 16 foizni tashkil qilayotgan kompaniyada bosh direktor istagan gapini aytishi mumkin. Maykl O’Liri – salbiy holatlarni pulga aylantirish ustasi. Boshqa ijrochi direktorlar inqiroz-menejerlarni yollayotgan bir paytda, u aksiya bannerlarini chop etmoqda», demoqda bozor kuzatuvchilari.

Aksiyalarga oid asosiy xatarlardan biri yangi «Boeing 737 MAX 10» samolyotlarini yetkazib berishdagi kechikishlar bo‘lib qolmoqda. Aviakompaniya bu samolyotlardan 150 ta buyurtma qilgan. Bu kengayish sur’atini sekinlashtirishi mumkin. Ammo hozircha kompaniyaning moliyaviy poydevori mustahkam ko‘rinmoqda.

Katta pullar olamida «yomon bola» obro‘si eng qimmat aktiv bo‘lishi mumkin. Ilon Mask bilan mojaro kompaniyaning asosiy ustunligini – o‘z biznes modeliga so‘zsiz sadoqatini yana bir bor namoyon etdi. Mask Mars va sun’iy yo‘ldosh interneti haqida orzu qilayotgan bir paytda, O’Liri yerda mahkam turibdi – qo‘lida bir chorak uchun 1,72 milliard yevro sof foyda va sodiq yo‘lovchilar oqimi bor.

Investorlar uchun «Ryanair» Yevropa aviabozorining «ko‘k fishkali» kompaniyasi bo‘lib qolmoqda – u tinchlikda ham, mojaro epitsentrida ham pul ishlashni biladi.

«Minfin» nashridan olindi.

Teglar

Mavzuga oid