
O‘zbek shaxmatchisi ilk bor Jahon kubogi finaliga chiqdi
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov yarim finalda Nodirbek Yoqubboyevni mag‘lub etib, jahon shaxmat tojiga da’vogarlar 2026 yilgi turniriga yo‘llanma oldi.

Hindistonning Goa shahrida o‘tayotgan FIDE Jahon kubogi 2025 musobaqasida o‘zbek shaxmatchilari yana bir tarixiy natija qayd etdi. Yarim finalda o‘zbekistonlik ikki shaxmatchi Javohir Sindarov va Nodirbek Yoqubboyev o‘zaro to‘qnash kelib, Sindarov 2,5:1,5 hisobida ustunlikka erishdi.
Bu g‘alaba orqali u jahon shaxmat tojiga da’vogarlar 2026 yilgi turniriga yo‘llanma qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston shaxmat tarixida ilk bor bunday nufuzli musobaqaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoni Sindarov tomonidan qayd etildi. Finalda u xitoylik grossmeyster Vey Iga qarshi bahs olib boradi.
Yarim finalda mag‘lub bo‘lgan Nodirbek Yoqubboyev uchun ham imkoniyat saqlanib qolgan. U uchinchi o‘rin uchun neytral bayroq ostida ishtirok etayotgan Andrey Yesipenko bilan bellashadi. Bu bahs g‘olibi ham 2026 yilgi da’vogarlar turnirida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.
Davogarlar turniri 2026 yil 28-martdan 16-aprelgacha Kiprda o‘tkaziladi. Unda jami 8 nafar shaxmatchi ishtirok etadi. Hozircha musobaqaga yo‘llanma olganlar quyidagilar: Fabiano Karuana (AQSH), Anish Giri (Niderlandiya), Mattias Blyubaum (Germaniya), Xikaru Nakamura (AQSH), Javohir Sindarov (O‘zbekiston) va Van I (Xitoy).
Jahon kubogi g‘olibi keyinchalik amaldagi jahon chempioni — hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi toj uchun kurash olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik shaxmatchilar — Nodirbek Yoqubboyev va Javohir Sindarov Goadagi Jahon kubogi yarim finaliga chiqqani haqida xabar bergan edik.





