
«O‘zbekgidroenergo»ga yangi rahbar tayinlandi
Abdug‘ani Sanginov «O‘zbekneftgaz»ga o‘tgach, uning o‘rniga «O‘zbekgidroenergo»da o‘g‘li Islom Abdurahmonov rahbar bo‘ldi.

Abdug‘ani Sanginov «O‘zbekneftgaz» AJ rahbari etib tayinlangach, «O‘zbekgidroenergo» kompaniyasida bo‘shab qolgan rahbarlik lavozimiga uning o‘g‘li Islom Abdurahmonov tayinlandi.
Ma’lum qilinishicha, Islom Abdug‘aniyevich Abdurahmonov «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib belgilangan. U ushbu lavozimga tashkilotning avvalgi rahbari bo‘lgan Abdug‘ani Sanginov o‘rniga kelgan.
Hozirda 66 yoshda bo‘lgan Abdug‘ani Sanginov ilgari Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi «O‘zsuvenergo» birlashmasiga rahbarlik qilgan. 2017 yil may oyida mazkur birlashma negizida tashkil etilgan «O‘zbekgidroenergo» AJ boshqaruvi raisi etib tayinlangan edi.
2025 yil 17-dekabr kuni «O‘zbekneftgaz» AJda ham rahbariyat almashgani ma’lum bo‘ldi. Bahodir Siddiqov kompaniya rahbarligidan ketib, uning o‘rnini Abdug‘ani Sanginov egallagan.
Ma’lum bo‘lishicha, Islom Abdurahmonov hozirda «To‘palang HPD water construction» UKning yagona ta’sischisi bo‘lgan «To‘palang HPD HOLDING» MCHJga rahbarlik qiladi. Xolding ustav kapitalidagi ulushlarning katta qismi — 61,70 foizi unga tegishli hisoblanadi.





