
O‘zbekiston 10 oyda Fransiyaga 774 mln dollarlik tovarlar eksport qildi
O‘zbekiston eksport hajmida asosiy yo‘nalishlar orasida Rossiya, Xitoy va Qozog‘iston yetakchilik qilmoqda.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonning eksport hajmi 29 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27,8 foizga oshdi.
Qayd etilishicha, bu davrda O‘zbekiston mahsulotlari eng ko‘p eksport qilingan mamlakatlar ichida Rossiya yetakchi bo‘ldi. Rossiya bozoriga 3,6 milliard dollarlik tovar yetkazilgan.
Shuningdek, ikkinchi o‘rindagi Xitoyga eksport 1,6 milliard dollarni tashkil etdi. Qozog‘iston ham O‘zbekiston uchun yirik savdo sherigi bo‘lib qolmoqda, unga 1,2 milliard dollarlik mahsulot eksport qilingan.
Shu bilan birga, Afg‘oniston va Turkiyaga yetkazilgan mahsulot hajmi mos ravishda 1,2 milliard va 942,4 million dollarni tashkil etdi. Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari orasida Qirg‘iziston (491,5 mln dollar) va Tojikiston (470,9 mln dollar) bilan eksport aloqalari barqaror ekanini kuzatish mumkin.
Yevropa davlatlari orasidan Fransiya yuqori o‘rinni egalladi. Unga O‘zbekistondan 774,3 million dollarlik tovar eksport qilingan. Yaqin Sharq davlatlaridan BAA 610,8 million dollarlik ko‘rsatkich bilan ro‘yxatning yuqori qismida turibdi. Pokistonga yetkazilgan mahsulot hajmi esa 319,7 million dollarni tashkil etdi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil yanvar–oktabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 66,5 mlrd AQSH dollariga yetdi. O‘zbekiston jahonning 210 mamlakati bilan savdo aloqalarini amalga oshirib kelmoqda.





