
O‘zbekiston 2026-yilda YIM o‘sishida mintaqada yetakchi uchlikka kiradi — Jahon banki
Jahon banki prognozlariga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti yuqori oltin narxlari hisobiga barqaror o‘sishni saqlab qoladi.

2026-yilda O‘zbekiston YAIMning 6 foizlik o‘sishi bilan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez rivojlanayotgan iqtisodiyotlar qatoriga kiradi. Bu haqda Jahon bankining «Jahon iqtisodiyoti istiqbollari» hisobotida ma’lum qilindi. Prognozga ko‘ra, respublika Qirg‘iziston va Tojikiston bilan bir qatorda mintaqadagi yetakchi uchta rivojlanayotgan iqtisodiyotdan biri bo‘ladi.
Hisobotda qayd etilishicha, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida umumiy iqtisodiy o‘sish sur’atlari 2026-yilda 2,4 foiz atrofida shakllanadi. O‘zbekiston esa ushbu ko‘rsatkichdan ancha yuqori natija qayd etib, mintaqadagi 22 ta rivojlanayotgan davlat orasida ildam sur’atlarni namoyish etadi.
Markaziy Osiyo submintaqasi hozir ham Yevropa va Markaziy Osiyo hududida eng yuqori o‘sish sur’atlariga ega hudud sifatida saqlanib qolmoqda. 2025-yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning umumiy YAIMi 6,2 foizga o‘sgan. Biroq 2026-yilda inflatsiya bosimi va tashqi omillar ta’sirida o‘sish 5 foizgacha sekinlashishi mumkin.
Jahon banki tahliliga ko‘ra, Rossiya iqtisodiyotidagi sekinlashuv Markaziy Osiyo mamlakatlaridan eksport hajmlarining qisqarishiga, shuningdek, migratsiya siyosati qat’iylashishi orqali pul o‘tkazmalari kamayishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas. Bu esa ayrim mamlakatlarda xususiy iste’mol pasayishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, jahon bozorlarida oltin narxlarining yuqori darajada saqlanishi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlaydi. Qozog‘istonda esa neft qazib olish barqarorlashuvi va narxlar pasayishi fonida iqtisodiy o‘sish 4,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda.
Jahon banki, shuningdek, geosiyosiy noaniqliklar, iqlim o‘zgarishi va ekstremal ob-havo hodisalari mintaqada iqtisodiy o‘sish uchun asosiy xatarlar bo‘lib qolishini ta’kidlaydi. Biroq xalqaro hamkorlik va yangi strategik kelishuvlar investitsiya muhitini yaxshilab, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi mumkin.





