
«O‘zbekiston bayramlari» kitobi nashr etiladi
O‘zbekistonda bayramlarning ma’naviy mazmunini kuchaytirish maqsadida yangi kitob va ommabop qo‘llanmalar tayyorlanadi.

O‘zbekistonda umumxalq bayramlarining g‘oyaviy-ma’naviy mazmunini yanada boyitishga qaratilgan yangi tashabbuslar amalga oshiriladi. Xususan, bayram kunlariga bag‘ishlangan ommabop adabiyotlar, shu jumladan, «O‘zbekiston bayramlari» nomli kitob tayyorlanib, nashr etiladi. Bu haqda Hukumatning 824-sonli qarorida belgilangan.
Qarorda tasdiqlangan konsepsiyaga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 50 dan ortiq umumxalq bayramlari, muhim sanalar, kasb bayramlari va xalqaro kunlar turli darajalarda nishonlanib kelinmoqda. Ushbu bayramlarni mazmun jihatidan boyitish, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatini keng yoritish asosiy maqsad qilib belgilangan.
Har bir umumxalq bayramining o‘ziga xos xususiyatlari inobatga olingan holda, ta’sirchan va jozibador musiqiy atributlar, bayramga xos taronalar hamda turli bezak elementlari ishlab chiqiladi. Bu orqali bayramlar nafaqat rasmiy tadbir, balki aholi uchun ma’naviy ilhom manbaiga aylantirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, umumxalq bayramlarining g‘oyaviy-ma’naviy mazmuni, tarixiy shakllanish bosqichlari va jamiyat taraqqiyotidagi o‘rnini ochib beruvchi maxsus qo‘llanmalar tayyorlanadi. Ushbu materiallar ta’lim muassasalari, madaniyat markazlari va keng jamoatchilik orasida tarqatiladi.
Bayramlar doirasida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash ham alohida yo‘nalish sifatida belgilangan. Jumladan, «Eng iqtidorli yosh» aksiya-shou dasturini tashkil etish orqali turli sohalarda muvaffaqiyatga erishgan yoshlarni xalqqa tanitish, ular orqali boshqa yoshlarni o‘z maqsadlari sari ruhlantirishga qaratilgan interaktiv tadbirlar o‘tkaziladi.





