add

O‘zbekiston eng ko‘p qaysi davlatlardan import qilmoqda?

Bugun 13:151782 daqiqa

2025 yilning 11 oyi mobaynida import hajmi qariyb 19 foizga oshib, asosiy ulush Xitoy va Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston eng ko‘p qaysi davlatlardan import qilmoqda?

2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdosida import hajmi 41,9 mlrd AQSH dollarini tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18,7 foizga oshgan bo‘lib, mamlakat iqtisodiyotida tashqi bozorlar bilan bog‘liq faollik saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, hisobot davrida O‘zbekiston jami 180 ta davlatdan tovar va xizmatlar import qilgan. Import hajmining o‘sishi sanoat, energetika, transport va iste’mol bozorlarida talab yuqori bo‘lib qolayotgani, shuningdek, investitsiya loyihalari doirasida asbob-uskuna va texnologiyalar olib kirilayotgani bilan izohlanadi.

Import tarkibida eng katta ulush Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. 2025 yilning 11 oyida ushbu mamlakatdan 12,8 mlrd dollarlik mahsulotlar import qilingan bo‘lib, u O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatida yetakchilikni saqlab qolmoqda. Ikkinchi o‘rinda Rossiya joylashib, undan 7,8 mlrd dollarlik tovar va xizmatlar olib kirilgan.

Markaziy Osiyo davlatlari ham import geografiyasida muhim o‘rin tutadi. Qozog‘istondan 3 mlrd dollarlik mahsulot import qilingan bo‘lsa, Turkiyadan keltirilgan tovarlar hajmi 1,7 mlrd dollarga yetgan. Koreya Respublikasi bilan savdo aloqalari ham faol bo‘lib, undan 1,5 mlrd dollarlik import amalga oshirilgan.

Yevropa va Osiyo davlatlari orasida Germaniya va Hindiston import hajmi bo‘yicha bir xil ko‘rsatkich qayd etgan — har ikki mamlakatdan 1 mlrd dollarlik mahsulot olib kirilgan. Shuningdek, Turkmanistondan 926,2 mln dollar, Belarusdan 698,8 mln dollar va AQSHdan 656,1 mln dollarlik import amalga oshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 72,8 mlrd dollarga yetgani haqida xabar bergandik.

Teglar

Mavzuga oid