add

O‘zbekiston iyun oyida dunyoda eng ko‘p oltin sotib oldi

07.08.2025 | 10:3027843

Mamlakat bir oyda 9 tonna oltin xarid qilib, dunyodagi barcha markaziy banklar orasida birinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston iyun oyida dunyoda eng ko‘p oltin sotib oldi
Jahon oltin kengashi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yil iyun oyida dunyo bo‘ylab markaziy banklar jami 22 tonna oltin xarid qilgan. Bu talab uchinchi oy ketma-ket o‘sishda davom etayotganini ko‘rsatadi. Ushbu davrda eng yirik xaridor sifatida O‘zbekiston tan olindi — mamlakat 9 tonna oltin sotib olgan. O‘zbekiston to‘rt oylik «sotuv rejimi»dan so‘ng bozorga qaytib, yana oltin zaxiralarini to‘plashni boshladi. Bu o‘zgarish mamlakatning valyuta-oltin zaxiralarini mustahkamlashga qaratilgan strategiyasi doirasida amalga oshirilgani taxmin qilinmoqda. Qozog‘iston iyun oyida 7 tonna oltin sotib olib, ikkinchi o‘rinni egalladi. Xitoy, Turkiya va Chexiya esa har biri 2 tonnadon xarid qilgan. Shuningdek, G‘ana, Qatar, Filippin va Qirg‘iziston bir tonnadon oltin sotib olgan davlatlar qatorida qayd etilgan. Mazkur oyda oltinning eng yirik sotuvchisi Singapur bo‘lib, u 6 tonna oltin sotgan. Bu ham markaziy banklar zaxira siyosatidagi faol harakatlardan dalolat beradi. 2025 yil boshidan buyon markaziy banklar jami 123 tonna oltin xarid qilgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 130 tonnadan kamroq bo‘lsa-da, yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Yil boshidan buyongi umumiy savdo bo‘yicha yetakchilar quyidagicha: Polsha — 67 tonna, Ozarboyjon — 35 tonna, Qozog‘iston — 22 tonna, O‘zbekiston esa 18 tonna oltin sotib olib, yetakchi davlatlardan biriga aylangan.

Teglar

Mavzuga oid