add

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 29 ta huquqiy hujjat qabul qiladi

05.01.2026 | 12:552 daqiqa

O‘zbekiston 2026 yilda JSTga qo‘shilish jarayonini yakunlab, qonunchilikni xalqaro savdo qoidalariga moslashtirmoqda.

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun 29 ta huquqiy hujjat qabul qiladi

O‘zbekiston 2026 yilda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniy bosqichga olib chiqishni rejalashtirmoqda. Bu doirada qolgan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash, ishchi guruh hisobotini tayyorlash hamda qonunchilikni to‘liq muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan. Mazkur rejalar haqida prezidentning JST bo‘yicha vakili Azizbek Urunov ma’lum qildi.

Rejaga ko‘ra, 2026 yilda JSTga a’zo davlatlar bilan qolgan so‘nggi ikki tomonlama muzokaralar yakunlanadi. Xususan, Tayvan bilan kelishuv tuzilib, shundan so‘ng ko‘p tomonlama muzokaralar bosqichi tugatiladi. Bu jarayonlar yakunida O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha ishchi guruh hisoboti tayyorlanishi lozim.

Qonunchilikni JST talablariga moslashtirish doirasida hukumat qo‘shimcha 29 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilishni rejalashtirmoqda. Ushbu hujjatlar bojxona tartib-taomillari, eksport bojlari, savdoni himoya qilish vositalari, texnik tartibga solish, sanitariya va fitosanitariya choralari, shuningdek, intellektual mulkni himoya qilish sohalarini qamrab oladi.

Shuningdek, 2026 yilda bozorga kirish bo‘yicha majburiyatlar yuzasidan ishlar yakuniy bosqichga o‘tadi. Tovarlar va xizmatlar bo‘yicha majburiyatlar jadvalini konsolidatsiya qilish, eksport bojlari, tranzit erkinligi hamda savdoni yengillashtirish masalalari JST qoidalariga muvofiq kelishib olinishi rejalashtirilgan. O‘zbekiston, shuningdek, JST doirasidagi tarmoq kelishuvlarida ishtirokini faollashtirishni ham ko‘zda tutmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2025 yilda ushbu bosqichga tayyorgarlik uchun zarur asos yaratilgan. Xususan, O‘zbekiston JSTga a’zo 34 davlatdan 33 tasi bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan, JST bilan bog‘liq 30 ta huquqiy hujjat qabul qilingan hamda texnik va institutsional islohotlar amalga oshirilgan.

«2025 yil O‘zbekistonning qoidalarga asoslangan savdo, shaffoflik va jahon savdo tizimiga integratsiyalashuvga bo‘lgan qat’iy intilishini namoyish etdi. Erishilgan taraqqiyot muvofiqlashgan institutsional ish, kuchli siyosiy qo‘llab-quvvatlash hamda JST a’zolari bilan konstruktiv hamkorlik natijasini aks ettiradi. Yo‘l davom etmoqda — mazmun, obro‘ va sur’at bilan», — deya ta’kidlaydi Azizbek Urunov.

Avvalroq Vaqt.uz O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish uchun harakatlari qachon boshlangani, muzokaralar xronologiyasi va Markaziy Osiyo davlatlarida a’zolik nega kutilgan natija bermaganini tahlil qilgandi.

Teglar

Mavzuga oid