
O‘zbekiston JSTga a’zolik jarayonini jadallashtiradi
14.05.2025 | 21:0039663
Prezident Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar va islohotlarni jadallashtirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berdi.

14 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayoni yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2023 yildan beri tashabbus shaxsan davlat rahbarining nazorati ostida amalga oshirilmoqda. Shu vaqtgacha to‘rtta Ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi, 30 dan ziyod rasmiy hujjat taqdim etildi va 24 mamlakat bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlandi.
A’zolikni ta’minlash uchun bojxona, eksport-import va intellektual mulk sohalarida islohotlar o‘tkazilgan. Xususan, davlat ulushi mavjud 6 ta korxonada eksklyuziv huquqlar bekor qilindi. Shuningdek, 13 ta qonun, 10 ta prezident farmon va qarorlari, 19 ta Vazirlar Mahkamasi hujjati qabul qilindi.
Yig‘ilishda prezident JSTga a’zolik jarayonini sifatli tashkil qilish va 2025 yilda qolgan 9 mamlakat bilan muzokaralarni yakunlash vazifasini topshirdi. Ishchi guruhning yana 2 ta yig‘ilishi va hisobot loyihasi tayyorlanishi belgilandi.
Qonunchilikni tashkilot talablariga moslashtirish maqsadida 15 ga yaqin yangi normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi, xususan «Oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi to‘g‘risida» va «Antidemping bojlari to‘g‘risida»gi qonunlar tezlashtirilishi ta’kidlandi. Sanitariya, fitosanitariya va veterinariya sohalarida kadrlar tayyorlashga ham alohida e’tibor qaratildi.
 
 





