
O‘zbekiston Tinchlik kengashiga 1 mlrd dollar bermasdan qo‘shildi
Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibining Vaqt.uz'ga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Tramp asos solgan xalqaro tuzilmaga badalsiz qo‘shilgan.

O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro tuzilma —Tinchlik kengashiga hech qanday moliyaviy badal to‘lamasdan qo‘shildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burxonov Vaqt.uz'ga ma’lum qildi.
Avvalroq, Qozog‘iston Tinchlik kengashiga qo‘shilish uchun 1 milliard dollar miqdoridagi ixtiyoriy badal a’zolik sharti hisoblanmasligi, bu har bir ishtirokchining huquqi ekanini aytib, mamlakat ushbu kengashga a’zolik badalisiz qo‘shilganini ma’lum qilgandi.
«Biz ham badalsiz qo‘shildik», - dedi Ahror Burxonov.
Kengashda qolish muddati
Ma’lumot uchun, Tinchlik kengashining qoidalariga ko‘ra, tashkilotga a’zolik dastlab uch yillik muddatni o‘z ichiga oladi. Biroq, agar biror davlat o‘z ixtiyori bilan birinchi yil davomida 1 milliard dollar miqdoridagi badalni to‘lasa, unga kengashda belgilangan muddatdan ko‘proq vaqt davomida qolish imkoniyati taqdim etiladi.
Davosdagi tarixiy kelishuv
Eslatib o‘tamiz, kecha, 22-yanvar kuni Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va AQSH Prezidenti Donald Tramp uchrashdi. Ushbu tashrif davomida O‘zbekiston rahbari Tinchlik kengashi nizomini imzoladi. Mazkur hujjatning imzolanishi bilan O‘zbekiston nafaqat tashkilot a’zosiga, balki uning asoschilaridan biriga aylandi.





