add

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bitimi imzolandi

Brusselda imzolangan Kengaytirilgan sheriklik bitimi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarib, savdo, innovatsiya va barqaror rivojlanish sohalarida keng hamkorlikni belgiladi.

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bitimi imzolandi

24 oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hujjat 1996 yildagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni almashtirib, ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini tubdan yangilaydi va kengaytiradi. Yangi kelishuv Yevropa bilan siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo va investitsiyalar hajmini oshirish, fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Bitim bo‘yicha muzokaralar 2019 yil fevralda boshlangan bo‘lib, 2022 yil iyulda yakunlangan va shu yilning 6 iyulida Bryusselda parafirlangan edi. U 9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bo‘lib, deyarli barcha sohalarni qamrab oladi.

Hujjat «yashil iqtisodiyot», atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, raqamli texnologiyalar va yuqori texnologiyalar sohalarida ham hamkorlikni kengaytiradi. Shu bilan birga, u inson kapitali rivoji, ilmiy tadqiqotlar va ta’lim almashinuvini qo‘llab-quvvatlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev Belgiyaga rasmiy tashrifi doirasida Yevropaning yetakchi kompaniya va moliya muassasalari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazdi.

Teglar

Mavzuga oid

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida sheriklik va hamkorlik bitimi imzolandi | Vaqt.uz