
O‘zbekistonda 9 oyda 47 mingta uy foydalanishga topshirildi
Hududlar bo‘yicha eng ko‘p uylar Namangan, Surxondaryo, Toshkent va Andijon viloyatlarida foydalanishga topshirilgani ma’lum bo‘ldi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda 47 mingta uy foydalanish uchun qabul qilindi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 foizga oshgan.
Yangidan ishga tushirilgan uylar orasida qishloq hududlarining ulushi katta — 31,3 mingta xonadon aynan qishloq joylarda barpo etilgan.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Namangan viloyati hissasiga to‘g‘ri kelib, bu yerda 7,9 mingta uy foydalanishga topshirilgan. Surxondaryo viloyatida 4,4 mingta, Toshkent viloyatida 4,9 mingta, Andidjon va Buxoro viloyatlarida mutanosib ravishda 3,9 mingtadan uylar yakunlangan. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3,7 mingta, Farg‘ona viloyatida 3,6 mingta, Xorazm viloyatida esa 3,4 mingta uy aholiga berildi.
Samarqand viloyatida 2,7 mingta, Qashqadaryoda 2,8 mingta uy qurilib bitkazilgan. Nisbatan past ko‘rsatkichlar Jizzax va Navoiy viloyatlarida (1,6 mingta) qayd etilgan. Toshkent shahrida 2,3 mingta yangi xonadon aholiga taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida jami 11,1 mln kvadrat metr turar-joylar foydalanishga topshirilgan. Shuningdek, 2025 yil boshida O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uylar soni 46 476 taga yetdi.





