add

O‘zbekistonda AQSH kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ma’lum qilindi

Kecha 16:251 daqiqa

Amerika investitsiyasi ishtirokidagi korxonalarning eng katta qismi Toshkent shahri, Samarqand va Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekistonda AQSH kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ma’lum qilindi

Avvalroq 2025 yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokida jami 17 ming 900 ta korxona faoliyat yuritayotgani haqida xabar bergandik.

Shundan AQSH kapitali ishtirokida 336 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, mazkur korxonalarning 146 tasi qo‘shma korxona, 190 tasi esa to‘liq xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi. Bu holat AQSH sarmoyadorlarining O‘zbekiston bozoriga turli formatlarda kirib kelayotganini ko‘rsatadi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Amerika kapitali ishtirokidagi korxonalarning mutlaq ko‘pchiligi Toshkent shahrida jamlangan. Poytaxtda bunday korxonalar soni 237 tani tashkil etgan. Bu esa infratuzilma, logistika imkoniyatlari hamda biznes muhitning nisbatan rivojlangani bilan izohlanadi.

Ikkinchi o‘rinda Toshkent viloyati joy olgan bo‘lib, bu hududda 31 ta AQSH kapitali ishtirokidagi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Samarqand viloyatida esa 19 ta shunday korxona qayd etilgan. Ushbu hududlar sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasidagi loyihalar uchun jozibador hisoblanadi.

Qolgan hududlarda ko‘rsatkichlar nisbatan past. Xususan, Buxoro viloyatida 8 ta, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida 6 tadan, Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida 5 tadan korxona mavjud. Andijon va Sirdaryo viloyatlarida 4 tadan, Namangan va Xorazm viloyatlarida 3 tadan korxona faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 4 ta, Surxondaryo viloyatida esa 1 ta AQSH kapitali ishtirokidagi korxona ro‘yxatga olingan.

Teglar

Mavzuga oid