add

O‘zbekistonda ayollar asosan necha yoshda turmush qurmoqda?

06.01.2026 | 11:351 daqiqa

2025 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda nikohdan o‘tgan ayollarning yarmidan ko‘pi 20–30 yosh oralig‘ida bo‘lgan.

O‘zbekistonda ayollar asosan necha yoshda turmush qurmoqda?

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda jami 177 017 ta nikoh qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar ayollarning oila qurish yoshi bo‘yicha barqaror tendensiya saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Qayd etilgan nikohlarda ayollarning eng katta ulushi 20–30 yosh guruhiga to‘g‘ri kelgan. Mazkur toifada 94 765 nafar ayol nikohdan o‘tgan bo‘lib, bu umumiy nikohlarning 53,5 foizini tashkil etadi. Demak, har ikki nikohdan biri aynan shu yosh oralig‘ida tuzilgan.

Shu bilan birga, 20 yoshgacha bo‘lgan ayollar ulushi ham sezilarli darajada yuqori. Ushbu guruhda 65 078 nafar ayol nikoh qayd ettirgan bo‘lib, ularning ulushi 36,8 foizni tashkil etgan.

Katta yosh guruhlarida nikohlar nisbatan kam qayd etilgan. Xususan, 31–40 yosh oralig‘ida 13 137 nafar ayol nikohdan o‘tgan bo‘lib, bu 7,4 foizni tashkil etadi. 41 yosh va undan yuqori ayollar esa 4 037 nafarni tashkil etib, umumiy nikohlarning 2,3 foiziga to‘g‘ri kelgan.

Avvalroq e’lon qilingan ma’lumotlar ham ushbu tendensiyani to‘ldiradi. Xususan, O‘zbekistonda ayollarning ona bo‘lishdagi asosiy faolligi 25–39 yosh oralig‘iga to‘g‘ri kelmoqda. Ushbu yosh toifasida 385 424 nafar bola tug‘ilgan bo‘lib, jami tug‘ilishlarning 58 foizini tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid