
O‘zbekistonda ayollar asosan necha yoshda ona bo‘lishmoqda?
2025 yildagi rasmiy ma’lumotlar ayollarning asosan necha yosh oralig‘ida ona bo‘layotganini ko‘rsatdi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida mamlakat bo‘ylab 664,6 mingta tirik tug‘ilish holati qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich aholi o‘sishi barqaror davom etayotganini va demografik faollik yuqori darajada saqlanayotganini anglatadi.
Qayd etilishicha, onalar yoshi bo‘yicha ko‘rsatkichlar farzandli bo‘lishda asosiy faollik 25–39 yosh oralig‘iga to‘g‘ri kelayotganini yanada yaqqol namoyon qiladi. Ushbu toifada 385 424 nafar bola dunyoga kelib, jami tug‘ilishlarning 58 foizini tashkil etgan.
Shu bilan birga, 25 yoshgacha bo‘lgan ayollar hissasi ham sezilarli darajada yuqori bo‘lib, 269 823 nafar yoki 40,6 foizni tashkil etgan. 40 yosh va undan katta ayollar hissasi esa nisbatan past — 1,4 foiz, ya’ni 9 351 ta tug‘ilish bilan cheklangan.
Otalar yoshi kesimida eng katta ulush 25–39 yoshdagilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mazkur toifada 542 512 nafar bola tug‘ilgan bo‘lib, bu jami tug‘ilishlarning 81,6 foizini tashkil etgan. 25 yoshgacha bo‘lgan otalar ulushi 11,3 foizga, 40 yosh va undan katta otalar ulushi esa 7,1 foizga teng bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2025 yilning to‘qqiz oyi mobaynida FHDY organlarida 177 mingta nikoh qayd etilgan.





