O‘zbekistonda bolalar bank kartasi: qaysi banklarda ochish mumkin va nimalarga e’tibor berish kerak?
Erta yoshdan bolalarga moliyaviy ko‘nikmalarni o‘rgatish allaqachon zamon talabiga aylanib ulgurgan. Buning uchun bolalarga alohida bank kartasi ochib berish va xarajatlarini nazorat qilib turish foydali bo‘ladi.

Zamonaviy dunyoda bolalarning moliyaviy ko‘nikmalarini erta yoshdan shakllantirish muhim hisoblanadi. Psixologlarning ta’kidlashicha, 10 yoshga kelib bolalar pulning qadr-qimmatini to‘liq tushunib, mustaqil va ongli ravishda xaridlarni amalga oshirishga tayyor bo‘ladi.
Bu davrdan boshlab ota-onalar farzandlariga pulning qadrini tushunishga va uni oqilona boshqarishga o‘rgatishlari tavsiya qilinadi.
Vaqt.uz shu sababli bolalar kartasi nima ekani haqida tushuntirib, kartani O‘zbekistonning qaysi banklaridan ochish mumkinligi va shartlar to‘g‘risida ma’lumot beradi.
Bolalar bank kartasi o‘zi nima?
Bolalar bank kartasi quyidagicha ishlaydi: ota-ona o‘z nomi bilan maxsus bank karta hisobini ochadi. Bank kartasi esa farzandining ismiga rasmiylashtiriladi va kartaga uning ismi yoziladi.
Ushbu bank kartasi oddiy karta kabi ishlaydi. U yordamida to‘lovlarni amalga oshirish yoki pullarni naqdlashtirish imkoniyati bo‘ladi.
Bolalarga kartani qanday ochsa bo‘ladi?
Ota-onalar Humo, Uzcard, Mastercard yoki VISA bolalar bank kartalariga buyurtma berishlari mumkin. Ayrim banklar qo‘shimcha imkoniyat sifatida bolalar kartalarini maxsus dizayn bilan taklif qilmoqda.
Karta ochish jarayoni quyidagicha:
Ota-ona pasport va farzandning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bilan bank filialiga boradi va bolalar kartasiga ariza qoldiradi. Ayrim banklarda kartani onlayn rasmiy veb-sayt orqali ham buyurtma berish mumkin.
Kartaning operatsiyalarini amalga oshirishga rozilik beriladi.
Karta tayyor bo‘lgani haqida qo‘ng‘iroq yoki SMS-xabar kutiladi. Tayyor bo‘lish muddati bir necha kunni tashkil qilishi mumkin.
Tayyor bo‘lgach, karta bankdan olib ketiladi.
Farzand uchun moliyaviy rejalashtirish va nazorat qilish maqsadida bankning mobil ilovasi o‘rnatiladi.
Bolalarning xarajatlarini qanday nazorat qilish mumkin?
Cheklov o‘rnatish
Avvalo bolaga pul boshqarishni tushuntirish kerak. Shundan so‘ng zarurat bo‘lsa, cheklov o‘rnatish mumkin. Bolalar cheklovni to‘g‘ri tushunib, uni norma sifatida qabul qilishi muhim.
Sarflash chegarasini to‘g‘ri belgilash lozim. Eng yaxshi yo‘l — boladan odatda nimalar sotib olishi va qancha xarajat qilishini so‘rash. Yaxshisi, bir haftalik cheklov qo‘yish maqsadga muvofiq, chunki kunlik sarf-xarajatlar turlicha bo‘lishi mumkin.
Xarajatlar nazorati
Ota yoki onaning mobil raqamiga SMS-xabarnoma o‘rnatish orqali bolaning sarf-xarajatlari haqida ma’lumot olish mumkin. Shuningdek, bola internet orqali onlayn xarid qilishga urinishganda, ota-onaga to‘lovni tasdiqlash uchun SMS-xabar keladi.
Bundan tashqari, bolalar kartasiga internet to‘lovlari bo‘yicha (ayniqsa xorijiy valuta kartalari uchun) cheklovlar o‘rnatish imkoniyati mavjud.
Bolalar bank kartalarining afzalliklari va kamchiliklari
Asosiy afzallik — xavfsizlik. Do‘konga borganda bolaga asosiy maosh tushadigan kartani bermaysiz. Bolalar kartasi orqali ota-ona xotirjam bo‘ladi, farzand esa mustaqil ravishda xarajat qilishni o‘rganadi.
Kamchiligi — yo‘qotish xavfi. Bolalar kattalar kabi intizomli emas, shuning uchun kartani yo‘qotish yoki shikastlash ehtimoli yuqori. Qayta buyurtma berish mumkin, ammo bu vaqt talab qiladi.
Bolaga tushuntirilishi kerak bo‘lgan xavfsizlik qoidalari
Muhim qoidalar:
PIN-kod va CVC/CVV kodni hech kimga aytmaslik;
Karta rasmini ijtimoiy tarmoqlarga joylamaslik;
Kartani ota-onadan boshqa shaxslarga bermaslik;
Notanish saytlarga karta ma’lumotlarini kiritmaslik.
Qaysi banklarda karta ochish mumkin?
Hozirda «Asia Alliance Bank»da bolalar uchun 4 xil turdagi karta mavjud: Humo Junior, Uzcard Junior, Visa Junior va Mastercard Junior. Bankda barcha kartalarni ochish bepul.
«Asia Alliance Bank» barcha turdagi bolalar kartasini taqdim etayotgani bilan ajralib turadi.
«Garant bank»da 45 000 so‘mdan Uzcard va Humo bolalar kartasini ochib, 5 yil foydalanish mumkin. Bolalarga mos individual dizayn ham taklif qilinadi.
«MKBank»da Uzcard Kids kartasini 25 000 so‘mga ochish mumkin. Amal qilish muddati — 5 yil.
Shuningdek, «Anorbank» va «Trastbank»da ham bolalar uchun kartani bepul ochish imkoniyati mavjud.
«Milliy bank», «Kapitalbank» va «Poytaxtbank» kabi boshqa bir nechta banklarda turli shartlar asosida kartalar pulli ochiladi.
Erta yoshda karta ishlatish — zamon talabi
O‘zbekistonda kartalardan foydalanish so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshdi. Buni odamlar kartalardagi mablag‘ni kamroq naqdlashtirayotganidan ham ko‘rish mumkin.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, kartalardagi pullarni naqdlashtirish 2023 yilda 24 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 19 foizga tushgan.
Umumiy pul tushumlari tarkibida ham naqd shakldagi tushumlar ulushi kamaymoqda.
Shu sababli bolalarga ham erta yoshdan karta bilan muomala qilishni o‘rgatish tobora muhim bo‘lib bormoqda.
Maqolani tayyorlashda finlit.uz ma’lumotlaridan foydalanildi.





