
O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlash joylarini egallagan mashinalarni jarimaga tortish taklif qilindi
09.07.2025 | 17:105104
Tokbor kompaniyasi vakili Aziz Parpiyev ichki yonuv dvitetelli avtomobillarning elektr quvvatlash nuqtalarini egallab turishiga chek qo‘yish maqsadida ularni jarimaga tortishni nazarda tutuvchi qonunchilik o‘zgarishlarini joriy etish taklifi bilan chiqdi.

O‘zbekistonda elektromobillar soni ortib borayotgani sababli, ular uchun mo‘ljallangan zaryadlash joylariga ichki yonish dvigateliga ega avtomobillarning to‘xtashi jiddiy muammoga aylanmoqda. Bu haqda 7 iyul kuni Toshkentda o‘tkazilgan IT-kompaniyalar, kontent provayderlar va davlat xaridlari ishtirokchilari bilan bo‘lgan ochiq muloqotda Tokbor elektrozapravka tarmog‘i vakili Aziz Parpiyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tokbor’ga yuborilayotgan ko‘plab murojaatlardan ma’lum bo‘lishicha, ayniqsa ochiq avtoturargohlardagi elektrozaryadlash nuqtalari tez-tez ichki yonish dvigateliga ega avtomobillar tomonidan egallab qo‘yilmoqda. Bu esa elektromobil egalariga zaryadlash xizmatidan foydalanish imkonini cheklamoqda.
Parpiyev bu muammoni hal etish uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga maxsus modda kiritilishini taklif qildi. Uning ta’kidlashicha, 2023 yilda Prezident Administratsiyasi huzurida elektrozapravka infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tashkil etilgan, ammo u taklif qilgan huquqiy chora-tadbirlar hozircha amaliyotga tatbiq etilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 noyabrda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 732-sonli qarori bilan Ichki ishlar vazirligi va mahalliy hokimiyatlarga elektrozaryadlash nuqtalaridan noto‘g‘ri foydalanish holatlarini bartaraf etish uchun ikki oy muddatda aniq takliflar tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi. Biroq bu ish hali amalga oshmagan.
Tadbir yakunida Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahabov mazkur tashabbusni «dolzarb va o‘rinli» deb baholadi va uni rasmiy ravishda muloqot bayoniga kiritishga qaror qildi. Elektromobil bozori kengayib borayotgan bir paytda, ular uchun infratuzilmani himoya qilish va samarali boshqarish masalasi yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda.





